Endilikda yo‘l qurilishida yangi usuldan foydalaniladi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2023
8079Yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tish, “FIDIK” standartlarini joriy etish takliflari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Davlat rahbari bu haqda bugun, 12 sentyabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan rejalashtirilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Yuqorida keltirilgan loyihaning texnik topshirig‘i hozirda “resurs” usuliga asoslangan. Bunda 1 kilometr yo‘l qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.
“Oqibatda texnik nazoratchilar asosiy vaqtini yo‘lning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini o‘rganishga sarflaydi. Natija hammaga ma’lum. Aslida, davlat yo‘lning o‘ziga talabni belgilab, uni sifatli qabul qilishi kerak. Marhamat, pudratchi yo‘lni qanday texnika bilan qurishini o‘zi hal qilsin. “Hajm” usulining mazmuni ham shu”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar 3 karra oshgani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, o‘tgan davrda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxonalarga 2 mingdan ziyod yangi maxsus texnikalar xarid qilingan. Buning hisobiga 65 ming kilometr yo‘llar qurilgan hamda ta’mirlangan.