Endilikda yerlarni ikkilamchi ijaraga berish mumkin
Jamiyat
−
30 Sentabr 2020
8424O‘Zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi.
Qonun bilan Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish mumkin.
Bunda, ushbu toifadagi yerlar 1 yilgacha muddatga ikkilamchi ijaraga beriladi.
Investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yoki o‘rmon fondi yerlarini ikkilamchi ijaraga berish taraflarning kelishuviga ko‘ra, lekin yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi muddatidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasining muddatidan ilgari bekor qilinishi ikkilamchi ijara shartnomasining ham bekor qilinishiga sabab bo‘ladi (shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa).
Yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish taraflarning kelishuviga ko‘ra, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Ikkilamchi ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash ob’ekti bo‘lishi mumkin emas.
“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkalari qishloq xo‘jalik ekinlarini oraliq ekish uchun 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin.
“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari o‘ziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan yer uchastkalarini yoki uning bir qismini qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish maqsadida vaqtincha foydalanishga berishi mumkin.
Bunda, yer uchastkasidan vaqtincha foydalanish tartibi taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LiveBarchasi