Endi YPX xodimlari qoidabuzardan joyning o‘zida jarima undira olmasligi mumkin
Jamiyat
−
10 Sentabr
6576YPX xodimlaridan qoidabuzarga voqea joyining o‘zida jarima qo‘llash vakolati olib qo‘yilishi mumkin. Bu bugun, 10 sentyabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida dastlabki tarzda muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilmoqda.
Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.
Muhokama qilingan qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.
Shuningdek, skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek, individual harakatlanish vositalari va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.
“Muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ichki ishlar xodimlarini ish vaqtida foto va videoga olib internetda e’lon qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilingan qonun loyihasi senatorlar tomonidan qayta ko‘rish uchun Qonunchilik palatasiga yuborilgandi.
LiveBarchasi