Endi Yangi O‘zbekistonning yillik tashqi qarzi 5 milliarddan oshmasligi va’da qilindi

Jamiyat

image

Kelgusi besh yilda O‘zbekistonning yangidan jalb qilinadigan tashqi qarzi 5 milliard dollardan oshmaydi. Bu haqda amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDePning X s’ezdidagi nutqida so‘z ochdi. 

Shavkat Mirziyoyev s’ezdda o‘z saylovoldi dasturi – Yangi O‘zbekiston strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni e’lon qildi. 

“Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, agar Mirziyoyev yana Prezidentlikka saylansa, 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga tushiriladi. Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi. 

Shuningdek, bevosita aholining talablari asosida yiliga 1,5 – 2 trillion so‘m mablag‘ joylardagi eng dolzarb muammolarni hal etishga sarflanadi.

Yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan, umumiy davlat qarzi esa yalpi ichki mahsulotning 50-60 foizidan oshmasligi ta’minlanadi. 

Qolversa, kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, shundan kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.

Mirziyoyev mamlakat eksport salohiyati 1,7 barobar oshirilib, 2026 yilda 30 milliard dollarga yetkazilishini ham va’da qildi. 

Eksport tarkibida xomashyoning ulushi hozirgi 46 foizdan 23 foizga kamayib, tayyor mahsulotlar hajmi 2,5 barobar ko‘payadi.


Maqola muallifi

Teglar

tashqi qarz

Baholaganlar

130

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing