Endi O‘zbekistonning chegaraoldi yaylovlarida mollarni kechasi o‘tlatish taqiqlanadi
Jamiyat
−
12 Oktabr 2023
6641O‘zbekistonning chegaraoldi yaylovlarida mollarni faqat kunduzi o‘tlatishga ruxsat beriladi. Bu haqda 9 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston hududida chegara rejimi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qarorida ma’lum qilindi.
Ushbu qaror orqali O‘zbekiston hududida chegara rejimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi nizom chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan foydalanish tartibini belgilovchi bob bilan to‘ldirilmoqda.
Chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan bir yilda bir marotaba shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan shaxslar foydalanishlari mumkin. Shakllantirilgan ro‘yxat DXX Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlariga yuboriladi.
Yerdan foydalanish ijara huquqi asosida amalga oshiriladi, mollarni o‘tlatishga faqatgina kunduzi ruxsat beriladi. Shaxs yerdan foydalanish huquqini yo‘qotganda qo‘mita 10 kunlik muddat ichida DXX Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlarini xabardor etadi.
Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2023 yil 10-oktyabrda kuchga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumat delegatsiyalari Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlat chegaralarining tutashgan joylarini belgilash masalalarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi