Endi o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilganlar qamalishi mumkin
Jamiyat
−
27 mart 2023
5409O‘zbekistonda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 27 mart kuni “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunda o‘z asosini topgan.
Ushbu qonunga ko‘ra, amaldagi qonunchilikka pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda. Bundan tashqari, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bunda:
1) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning:
– 51-moddasida (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik belgilanmoqda (30 mln so‘mdan 45 mln so‘mgacha jarima).
Amaldagi qonunchilikda pedagoglarni mehnatga majburlash uchun javobgarlik ko‘zda tutilmagan edi;
– 1975-moddasidagi ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda (fuqarolarga 2,1 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanmoqda);
Amaldagi qonunchilikda yuqorida ko‘rsatilgan konunbuzarlik uchun fuqarolarga 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha jarima ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 148-2-moddasida (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik belgilanmoqda (45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari).
O‘zbekistonda pedagoglarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etmoqda.
Misol uchun, pedagoglarni mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga, Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladigan qabul test sinovlariga, hududiy rahbarlar uchun turli hisobot tayyorlashga jalb etish holatlari.
Bu kabi noto‘g‘ri amaliyotlar maktablarda pedagoglarning ta’lim berish jarayonlariga to‘liq tayyorlanish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
– hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirishlik;
– respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishliklari va bekor qilishlarini ta’minlash;
– ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishi ta’minlanishi yuklanmoqda.
Amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgarishlar pedagog xodimlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ularning jamiyatdagi o‘rni va mavqei yanada ko‘tariladi. Eng asosiysi, ta’lim sohasini rivojlantirishda katta qadam qo‘yiladi.