Endi telefon raqami orqali pul yuborsa bo‘ladi

Jamiyat

image

Endilikda mablag‘ yuborishda bank hisob raqami yoki plastik karta rekvizitlarini kiritish shart bo‘lmaydi, buning uchun oluvchining mobil telefon raqamini ko‘rsatishning o‘zi kifoya qiladi. Bu haqda Markaziy bankning joriy yilning 24 avgust kuni 3930-son bilan Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida mobil telefon raqami asosida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalarida belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, avvalo foydalanuvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvarag‘iga bog‘lanadi. Shundan so‘ng, boshqa shaxsga pul yuborishda uning bank hisobvarag‘i yoki plastik kartasi rekvizitlarini kiritish talab etilmaydi.

Pul o‘tkazmasini tasdiqlashdan oldin foydalanuvchiga mablag‘ oluvchining F.I.O., banki va vositachilik haqi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, o‘tkazmalar 24/7 rejimida va real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

Tizim axborot va kiberxavfsizlik hamda firibgarlikning oldini olish bo‘yicha belgilangan talablar asosida ishlaydi. Foydalanuvchi telefon raqamini o‘z bank hisobvarag‘iga bog‘lashni istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin. Bir bank doirasida esa bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobvarag‘iga bog‘lashga ruxsat etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda naqd pulsiz to‘lovlar infratuzilmasi kengayib bormoqda. Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, muomaladagi bank kartalari soni 75,7 million donaga yetgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing