Endi soliqdan qarzi borlar ham elektrga pul to‘lolmaydi (video)
Jamiyat
−
16:41 4054 2 daqiqa
O‘zbekistonda jismoniy shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha umumiy summasi 1 million so‘mdan oshadigan soliq qarzdorligini undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi joriy etilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan hamda joriy yil 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida eksperiment tariqasida amaliyotga tadbiq etiladi.
Tizim qanday ishlaydi?
Agar jismoniy shaxsning soliq qarzdorligi 1 million so‘mdan oshsa, avvalo fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi. Dastlab fuqaroga soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma, shundan so‘ng SMS orqali eslatma, agar fuqaroda “Soliq” mobil ilovasi mavjud bo‘lsa, xabarnoma yuboriladi. Bundan tashqari my.gov.uz orqali ham fuqaroning shaxsiy kabinetiga xabar yuborilishi mumkin.
Shundan keyin soliq organi tomonidan elektr to‘loviga cheklov kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida SMS-xabarnoma yuboriladi. Yuborilgan SMS’dagi havola orqali soliq qarzdorligi qachon shakllanganligi va ogohlantirish qaysi bosqichda ekanligini kuzatib borish mumkin.
Barcha ogohlantirishlarga qaramay soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektrga to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilsa, cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekistonda chiqindidan qarzdor iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatini cheklash boshlangan.
Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar respublika bo‘yicha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.
So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim. Belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Live
Barchasi