Endi sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq shug‘ullanmaydi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Hududlarni sektorlarga bo‘lib boshqarish tizimi bekor qilindi.  Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 mart kuni Senatda o‘tayotgan yig‘ilishda so‘z ochdi.

Ma’lum qilinishicha, soliq idoralari xodimlari har bir mahallaga biriktirilgani bilan tushumlar keskin oshmagan. Masalan, minglab korxona hisobotlarida birorta ham xodim yo‘q deb ko‘rsatgan bo‘lsa, yana minglab korxona 2 yoki 1 nafar ishchi ko‘rsatmoqda. Bu soliq idoralari yashirin iqtisodiyot bilan sust ishlayotganidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Insofli tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i 7 kun ichida qaytarib berilishi belgilangan. Biroq soliq rahbarlari tadbirkorlarning 487 milliard so‘mlik 2,5 mingga yaqin murojaatini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan.

"Bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq shug‘ullanmaydi", dedi Prezident.

Ularning o‘rniga endilikda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli sohalar bilan o‘z kuchi va tizimi bilan shug‘ullanishi belgilandi.

Kambag‘allik, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik bo‘yicha islohotlar har bir insonga yetib boradigan ish tashkil etilmoqda. Endi bu ish uslubi tuman va mahallada jinoyatchilikni jilovlash, korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ham joriy qilinadi.

“Nima uchun buni aytyapman? Chunki, jinoyatchilik jilovi mahkam bo‘lgan, xavfsiz joyga investor ko‘proq mablag‘ kiritadi, odamlarimizning ishonchi yanada ortadi”, dedi Prezident.

Tumanda jinoyatchilikni jilovlashga hokim bosh bo‘lib, barcha ishlarni muvofiqlashtirishi, uning bu boradagi o‘rni hech qayerga yo‘qolmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: sektor ishidan ozod qilish bu – eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish, degani emas”, dedi davlat rahbari.

Har haftada prokuror va ichki ishlar boshlig‘i bilan hududdagi vaziyatni muhokama qilib borishi shart va zarurligi qayd etildi.

Bosh prokuratura, Ichki ishlar, DXX akademiyalari, Yuridik va Jamoat xavfsizligi  universitetlariga jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha hudud va sohalar biriktirilgan edi. Lekin ular kriminogen vaziyat murakkab mahallalarga olimlarini yubormayotgani, ushbu mahallalarni namunali qilishda jonbozlik ko‘rsatmayotganiga e’tiroz bildirildi.

Milliy kengash har chorakda ushbu oliygohlar rahbarlaridan ham hisobot so‘rab borishi kerakligi ta’kidlandi.

Umuman, Senat kamida 1 ta hududda jinoyatchilikni keskin qisqartirish bo‘yicha, Qonunchilik platasi esa kamida 1 ta sohada korrupsiyaga barham berish bo‘yicha takliflar berib borishi bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishiga ishonch bildirildi.

Bundan buyon, vazir va hokimlar lavozimga qo‘yilishidan oldin korrupsiyani oldini olish bo‘yicha aniq rejasini parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qiladigan tizim joriy etish taklif qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganini, ilgari bu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq bo‘lgani, hozir esa mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgarganini aytgandi. Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing