Endi Rossiyaga ketayotgan migrantlar kasb-hunarga o‘qitiladi, muvaffaqiyatli bitiruvchilarga Skills pasporti beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlarini o‘qitish bo‘yicha choralar belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda aytilgan.

Ushbu qarordan asosiy maqsad – kambag‘al va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitishning yangi tizimini joriy qilish, ularni kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish jarayonlarini tashkil etish, ehtiyojmand aholi va nogironlar ish bilan bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha choralarni amalga oshirish hisoblanadi.

Ushbu qaror bilan kambag‘al va ishsiz aholini kasb-hunarga o‘rgatish hamda ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi, aholi bandligini ta’minlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi tasdiqlandi.

Shuningdek, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini joriy etish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy xarajatlar ajratildi hamda ularning manbalari, yo‘nalishlari va ko‘lamlari  belgilandi.

Qarorda ko‘zda tutilgan kambag‘al va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish tizimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlarini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarini, Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarini, nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini o‘z ichiga oladi.

Hujjat orqali aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitishga, nodavlat sektori imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun davlat yordamini berish mexanizmi joriy qilinadi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini tashkil etish uchun Vazirlikning “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining binolari, mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyasiga ko‘ra boshqa bo‘sh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalariga o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi; kasb-hunarga o‘qitish markazlari binolari bir qismi berilgan taqdirda – mazkur markazlarning o‘quv jihozlari va anjomlaridan imtiyozli foydalanish imkoni yaratiladi. 
Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan o‘qitish, bunda davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasi dan foydalanish belgilangan. 

Qarorga muvofiq “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini xalqaro WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi. Ta’kidlash joizki, monomarkazlar va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtiriladi.

Ushbu loyihalar ijrosini ta’minlash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 150 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Ishga marhamat monomarkazlar

Baholaganlar

111

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing