Endi “Real”ning ham “Messi”si bor
Sport
−
06 iyul 2023 9658 2 daqiqa
“Fenerbaxche”ning 18 yoshli futbolchisi Arda Guler Ispaniyaning “Real Madrid” klubi futbolchisiga aylandi.
Arda transferi uchun kurashda “Real” azaliy raqibi “Barselona”dan ustun keldi. Kataloniya klubi ham “turkiyalik Messi”ga jiddiy qiziqish bildirayotgandi, biroq Guler yakunda Madrid tomon yo‘l olishni istadi.
“Real Madrid” futbolchi uchun “Fenerbaxche”ga 20 million yevro to‘ladi. Shuningdek, “Fenerbaxche” Gulerning keyingi transferidan 20 foiz daromadni o‘ziniki qilib oladi.
Arda Guler o‘tgan mavsum 35 uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. “Transfermarkt”ga ko‘ra, futbolchining qiymati 15 million yevroni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Guler katta futbolga ilk qadamini Anqaraning “Genchlerbirligi” klubi orqali tashlagan. U 2019 yilda “Fenerbaxche” klubiga ko‘chib o‘tgan.
Asli turkiyalik bo‘lgan, Germaniyaning Gelzenkirxen shahrida tug‘ilgan afsonaviy futbolchi Mesut O‘zil ham Guler haqida ijobiy fikrlarni bildirib o‘tdi.
“Mendan yaxshiroq hujumkor yarim himoyachi bormi? Bir ism xayolimga keldi, men ishongan bir ukam bor. Uni Xudo asrasin: uning ismi Arda Guler”, deydi O‘zil.
Gulerning o‘yin uslubi haqida qisqacha: Guler chap oyoqda samarali to‘p sura oladi, u o‘ng qanotda ham faol harakatlanadi. Ana shunday xususiyatlari uchun Turkiyada OAV uni “Turk Messi”si deb ataydi. To‘pni yaxshi qabul qila oladi, maydonni ko‘ra olish qobiliyati ham maqtanarli. Eng asosiysi esa yaxshi dribling va tezlikka ega. Jarima zarbalarini ham yaxshi amalga oshira oladi. “Real”da esa individual mahorat egalari yaxshi qabul qilinadi.
Guler qanday yutuqlarga erishgan?
Yuqorida aytganimizdek, Guler hozir 18 yoshda. Shuning uchun u hali og‘iz to‘ldirib aytadigan darajadagi yutuqlarga ega emas. U “Fenerbaxche” safida gol urgan eng yosh futbolchi hisoblanadi. Yevro-2024 saralashida Turkiya terma jamoasida debyut qildi va Uels darvozasiga shedevr gol urdi. Shuningdek, Arda “Fenerbaxche” bilan Turkiya kubogini qo‘lga kiritgan.
Futbolchi endi dunyoning eng nufuzli klublaridan birida to‘p tepadi. Guler faoliyatidagi eng asosiy sovrinlarni aynan “qirollik klubi”da qo‘lga kiritsa, ajab emas.
Live
Barchasi