Endi “pod’ezd”lar har hafta tozalanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va zinapoyalari haftada 1 marta tozalanishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi kecha, 29 aprel kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarida so‘z boradi. 

Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar uchun boshqarish organlari tomonidan umumiy texnik pasport yuritilishi belgilandi. Boshqarish organlari esa yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, kuzatuv kameralari va domofonlar soz holatda saqlanishi, xomashyo, materiallar, yoqilg‘i, inventar va xo‘jalik anjomlarini sotib olish ishlarini amalga oshiradi.

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uyning fasad qismlarida va umumiy foydalanish hududlarida mulkdorlar umumiy yig‘ilishining qarori bilan me’morchilik detallari, reklamalar, afishalar va e’lonlarni o‘rnatishi mumkin bo‘ladi. Uylarda shovqin darajasi belgilangan sanitariya me’yorlaridan oshmasligi shart deb belgilandi. 

Uylar (zinapoyalar, liftlar, chiqindi kamerasi, chiqindilarni to‘plash moslamalari yerto‘lalari va boshqalar) tutash hududlar zaruratga ko‘ra, boshqarish organi tomonidan deratizatsiyalanishi, dezinseksiya va dezinfeksiyalanadi. Uylarning yerto‘la qismidagi quvurlarda avariya holati yuzaga kelishi natijasida suv yoki oqova suv to‘planib qolsa boshqarish organi 24 soat mobaynida yerto‘ladagi suv va oqova massalarini chiqarib yuborishi lozim bo‘ladi.

Yangi qoidada takidlanishicha, endi haftada 1 marta ko‘p kvartirali uylarning lift xonalarini tozalanadi hamda lift uskunalari doimiy texnik monitoring qilinadi.

Bundan tashqari, qoidalarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarda quyidagilar taqiqlanadi:

Yong‘in xavfini keltirib chiqaruvchi uskunalarni balkonlar va lodjiyalarga o‘rnatish;

Balkonlarda og‘ir buyumlarni saqlash;

Balkonlar va lodjiyalarning fasad (tashqi) qismlarida kir, kiyim-kechak, gilam va boshqalarni osib qo‘yish (ichki qismi bundan mustasno);

Uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi joylarda, zinapoyalarda, cherdaklarda, yerto‘lalarda, shuningdek umumiy foydalanishdagi oshxonalarda, balkonlarda va lodjiyalarda saqlash;

Kirish yo‘laklarining zinapoya maydonlarida va zinapoyalarning ostida yonuvchi materiallarni saqlash;
Umumiy issiqlik parametrlariga ta’sir ko‘rsatuvchi qayta rejalashtirish (rekonstruksiya) ishlarini amalga oshirish, qo‘shimcha isitish yuzalariga (isitilmaydigan yuzalar) issiqlik uskunalarini o‘rnatish, shuningdek, umumiy mulk tarkibiga kiruvchi issiqlik tizimlariga o‘zgartirish kiritish.

Shuningdek, avtotransport vositalarini ko‘p kvartirali uylar va unga tutash yer uchastkalaridagi gazonlar usti, xiyobonlar, bolalar maydonchalari, trotuarlarga, kirish yo‘laklari qarshisiga qo‘yish taqiqlanishi qoidada belgilandi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonada 2026-2030 yillarda eksperiment doirasida ko‘p qavatli uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilishi haqida xabar berilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston kvartirali uylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing