Endi navbat sudyalarga kelibdi – Kusherboyev Jarqo‘rg‘ondagi holat bo‘yicha BPga talab bilan chiqdi
Jamiyat
−
13 iyul 2020
20676Joriy yilning 10 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida hokim, prokuror va IIB boshlig‘i blok-postda tumanning Jinoyat ishlari va Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi sudyalarini o‘tkazmay, ularni omma oldida obro‘sizlantirilib, yetmaganiga sud xodimi kaltaklandi.
Ushbu holat bo‘yicha hozirgacha Bosh prokuratura va IIV munosabat bildirdi. Birinchisi vaziyat nazoratga olinganini aytgan bo‘lsa, vazirlik sud xodimi, ya’ni haydovchining o‘zini aybdorga chiqarib qo‘ya qoldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev holatga munosabat bildirib, istehzoli tarzda navbat sudyalarga kelganini aytib o‘tdi.
“Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sud xodimi do‘pposlangan, sud’yalar esa odamlar oldida atayin obro‘sizlantirilibdi.
Yomon tomoni bu ishni tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan IIB boshlig‘i, o‘rinbosari va boshqa huquqni muxofaza qiluvchi mas’ullar qilishgan. Ya’ni sud’yalarning xizmat mashinasi tuman markaziga kiraverishda to‘xtatilib, o‘tkazilmagan, qonunga ko‘ra huquqini talab qilgan haydovchi do‘pposlanib, yengil tan jarohati yetkazilgan va hibsxonaga qamab qo‘yilgan. Mashina ichidagi sud’yalarni esa bir guruh formalilar odamlarni oldida namoyishkorona “kalaka” qilishib, videoga olishgan”, deydi deputat.
U so‘zida davom etib, ayrim hokim va ichki ishlar mas’ullari karantindan foydalanib, istagan ishini qilayotganini va alami bor barcha bilan hisob-kitob qilayotganini ta’kidlagan.
“Mana sizga ahvol. Karantin bahona bo‘lib ayrim “formalilar” va “hokimlar” amaldagi qonunlarga tupurib qo‘yib kimdan alami bo‘lsa, maza qilib “humoridan chiqayapti”, karantinni qonunsizlik va zo‘ravonlik davri sifatida butun dunyoga namoyon qilyapti”, deydi Kusherboyev ahvolga baho berib.
Deputat shunday layoqatsiz rahbarlar sabab karantinda ko‘rsatkichlar sadbiy bo‘layotganini va ishonchsizligi ortgan odamlar o‘chakishib, tartiblarga bo‘ysunmayotganini qo‘shimcha qilib, shunday deydi:
“Fikri ojizimcha mana shunday zo‘ravon, o‘quvsiz, madaniyatdan yiroq bo‘lsa, ham adashib lavozimga kelib qolganlarning dastida karantin jarayoni salbiy ko‘rsatkichlar bilan o‘tyapti, odamlarda nafrat, g‘azab va ishonchsizlik ortib, tartibga atayin bo‘ysunmaslik kayfiyati kuchaymoqda”.
Rasul Kusherboyev Oliy sudga atalgan achchiq gaplarini aytib o‘tgan. Deputat e’tiborni Sud hokimiyati “kattalar”ida sudyalarni himoya qilish uchun jur’at yetishmasligiga qaratgan.
“Kamiga Oliy sudda ham bu kabi vaziyatlarda qat’iy pozitsiyaning yo‘qligi, o‘z ishi qolib, ijroning ishi bo‘lgan “snos” kabilarga aralashib, asosiy vazifasini anglamasligi, tizimda adolat uchun jur’atning haliyam pastligi joylarda istagan odam sud’yalarni oyoqosti qilishiga sabab bo‘layapti. Ayrim sud’yalarning hokimlar tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish darajasiga yetib borgani ham mustaqil bo‘lishi kerak bo‘lgan sud tizimining atayin himoyasiz ahvolga tashlab qo‘yilganiga ishora qilmoqda”, deydi xalq vakili.
U ongiz rahbarlarning qonun ustuvor bo‘lgan fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidagi tushov ekanini afsus bilan aytib o‘tgan va Bosh prokuratura holatga baho va aybdorlarga jazo berishini talab qilgan.
“Bir narsa aniq: toki ongsiz robotdek emas ongli fikrlovchi, kitob o‘qigan, jur’atli kadrlar joylarda munosib lavozimda bo‘lmas ekan, qonunlar ustuvor bo‘lgan fuqarolik jamiyatini qurishni tushimizda ko‘raveramiz.
Jarqo‘rg‘ondagi zo‘ravon mas’ullarining harakatiga esa Bosh prokuratura qat’iy huquqiy baxo berishi va jazoga tortishi shart”, degan Kusherboyev.
Ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirgan "Adolat" Sotsial-demokratik partiyasi tajovuzkorlik hokimlarning yozilmagan vakolatiga aylanganiga urg‘u bergandi.
LiveBarchasi