Endi mahkumlarning qamoqdagi mehnati uchun “staj” yoziladi
Jamiyat
−
16 fevral 2023 3959 2 daqiqa
O‘zbekistonda mahkumlarning jazoni o‘tash davrida bajaradigan ishi pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim hujjatlarga mahkumlarning huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Shuningdek, “Jinoyat-ijroiya kodeksi”ga mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganini aniqlash mezonlari kiritildi.
Unga ko‘ra, mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tgani Komissiya tomonidan har chorak yakunlariga ko‘ra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:
• mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga qiziqishi;
• mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishga intilishi;
• mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilgani, unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmagani.
Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa Komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yig‘ma jildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Live
Barchasi