Endi xorijdan kelgan har bir turist uchun turoperatorlarga subsidiya ajratiladi
Jamiyat
−
29 iyul 2023
4237O‘zbekistonda xorijdan kelgan har bir turist uchun turoperatorlarga subsidiya ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan:
• turoperatorlar tomonidan turistik oqim past bo‘lgan xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga olib kelingan har bir turist uchun teng ulushlarda 20 dollardan 100 dollargacha rag‘batlantiruvchi subsidiya ajratiladi;
• turoperatorlar va aviatashuvchilarning xorijdan Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlariga charter aviaqatnovlari bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublikada kamida 5 kecha tunab qolgan taqdirda, 20 dollar, qish mavsumida (20 noyabrdan 20 fevralgacha) esa 50 dollar ekvivalentida teng ulushlarda qoplab beriladi.
Shuningdek, 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026 yil 31 dekabrgacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi quyidagi miqdorlarda qoplab beriladi:
• 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;
• 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘m.
2026 yil 31 dekabrgacha dunyoning nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 va mehmonxona tarmoqlarining top-5 reytingiga kirgan) foydalanuvchi O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil mobaynida quyidagi miqdorda qisman moliyalashtiriladi:
• 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 200 dollar ekvivalentida;
• 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 400 dollar ekvivalentida;
• 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun – mehmonxonaning har bitta xonasi uchun yillik 600 dollar ekvivalentida.
• 2024 yil 1 yanvardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshiriladi.
2026 yil 1 iyulgacha yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10 kilometr yoki qattiq qoplamali avtomobil yo‘llaridan 5 kilometr uzoqlikda) alohida avtonom infratuzilmani yaratgan holda kempinglar tashkil etgan va “safari” turizmi xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslarning mazkur faoliyat turi bo‘yicha mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari ushbu soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
2023/2024 o‘quv yilidan har yili “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar hamda Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar fuqarolari magistraturada davlat granti asosida ta’lim olishlari uchun 10 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘lar ajratib boriladi.
2023 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
• turagentlarning elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo‘lishi;
• turoperatorlarning elektron to‘lovlar xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi.