Endi xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga qariyb 1 mlrd so‘m beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yil 1 iyundan boshlab nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 26 mart kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Farmonga muvofiq, joriy yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasining yangi stipendiya yo‘nalishi sifatida “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.

Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
  • saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o‘qitish;
  •  “El-yurt umidi” jamg‘armasiga joriy yilda “Yorqin iste’dod” loyihasi uchun 300 milliard so‘m ajratiladi. 

“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.

2025 yil 1 iyundan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga BHMning 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.

Nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi:

  • 1-o‘rin: 937 mln 500 ming so‘m (2500 baravar);
  • 2-o‘rin: 562 mln 500 ming so‘m (1500 baravar);
  • 3-o‘rin: 375 mln so‘m (1000 baravar).

Ma’lumot o‘rnida, hozirda eng nufuzli olimpiadada 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga BHMning 500 barobari (187,5 mln so‘m), xalqaro olimpiada g‘olibiga BHMning 150 barobari (56,25 mln so‘m), mintaqaviy olimpiada g‘olibiga esa BHMning 12 barobari (4,5 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur farmon bilan O‘zbekistonda 2025/2026 o‘quv yilidan “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

mukofot fan olimpiadasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing