Endi Qozog‘istonda SIM-kartalarni faqat davlat sotadi
Olam
−
17 Oktabr
3255Qozog‘istonda telefon raqamlarini faqatgina hukumat portali orqali berish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Mamlakatning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmika sanoati vazirining o‘rinbosari Asxat Orazbekning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora telefon firibgarligiga qarshi kurashish maqsadida amalga oshiriladi. Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi yaqin orada tegishli qonunchilik tashabbusini taqdim etadi.
“Hozirda foydalanuvchilarga aloqa operatorlari SIM-kartalarni taqdim etmoqda. Endilikda biz buni davlatga qaytaramiz va fuqarolar mobil yoki shahar telefon raqamlarini elektron hukumat portali yoki eGov mobil ilovasi orqali oladi”, deydi vazir o‘rinbosari parlamenti majlisida.
Vazirga ko‘ra, bir jismoniy shaxsga beriladigan SIM-kartalar soni ham cheklanadi. Endi nazoratsiz ravishda tijorat maqsadlarida ularni sotib olayotgan yuridik shaxslar esa har bir raqamdan nega foydalanayotganini asoslab berishi zarur bo‘ladi.
Bundan tashqari, mamlakat Ichki ishlar vazirligi vakili Aydos Risbayev firibgarlar Qozog‘istonda joylashgan SIM-kartalar orqali qo‘ng‘iroqlar amalga oshirayotganini ma’lum qildi.
“Ushbu xizmatlarni bizning mobil aloqa operatorlarimiz taqdim etmoqda. Shuningdek, biz bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz. Bugungi kunda yirik shaharlarda uchta guruh aniqlangan, 19 ta qurilma musodara qilingan, ularda taxminan 3,5 mingta SIM-karta o‘rnatilgan. Jinoyat ishi doirasida biz ular jinoyatchilarning qo‘liga qanday tushganini aniqlayapmiz. Ish Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining doimiy nazoratida", dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmanistonning yagona mobil aloqa operatori “Oltin Asr” telefonlar uchun yangi SIM-kartalarni sotishni to‘xtatgan edi.
LiveBarchasi