Endi ichimliklar tarkibidagi shakar miqdoriga qarab tamg‘alanishi mumkin
Jamiyat
−
19:40 588 3 daqiqa
O‘zbekistonda endilikda O‘zbekistonda ichimliklar, tarkibidagi shakar miqdoriga qarab, tamg‘alanishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 29 sentyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni belgilash, hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklarni tamg‘alashda har 100 ml mahsulotning tarkibidagi umumiy shakar miqdoridan kelib chiqib quyidagi majburiy ogohlantiruvchi yozuvlar qo‘llaniladi:
- 5 grammdan 8 grammgacha shakar mavjud bo‘lganda – sariq fonda qora rangda “O‘RTACHA SHAKAR MIQDORI”;
- 8 grammdan 11 grammgacha shakar mavjud bo‘lganda – to‘q sariq fonda qora rangda “SHAKAR MIQDORI YUQORI”;
- 11 gramm va undan yuqori shakar mavjud bo‘lganda – qizil fonda oq rangda “JUDA YUQORI SHAKAR MIQDORI – TEZ-TEZ ISTE’MOL QILISH SALOMATLIKKA ZARAR”.
Bunda mazkur yozuvlar quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:
- mahsulot qadog‘ining old qismida joylashtirilishi;
- qadoq umumiy yuzasining kamida 15 foizini egallashi;
- kontrastli ranglarda ifodalanishi;
- iste’molchi tomonidan birinchi qarashda aniq ko‘rinadigan tarzda joylashtirilishi;
- mahsulot tarkibi, kaloriyasi hamda kunlik iste’mol me’yori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod bilan ta’minlanishi.
O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi 2027 yil 1 martga qadar alkogolsiz ichimliklarni laboratoriya tahlilidan o‘tkazish bo‘yicha yagona metodikani tasdiqlashi lozim.
Shuningdek, 2027 yil 1 sentyabrga qadar mazkur metodika asosida akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi va doimiy ravishda har chorak yakunida tarkibida shakar miqdori belgilangan miqdordan oshib ketgan alkogolsiz ichimliklar reyestrini yuritilishini hamda rasmiy veb-saytlarda joylashtirib borilishi ta’minlanishi kerak.
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni monitoring qilishning yagona raqamli platformasini 2027 yil 1 dekabrga qadar ishlab chiqiladi va bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Bunda platforma:
- tovarlarni raqamli markirovkalash milliy axborot tizimi (“AslBelgisi”)ning funksional moduli sifatida, takroriy ma’lumot kiritishni talab qilmagan holda yaratilishi;
- har bir mahsulot bo‘yicha 100 millilitrdagi shakar (uglevodlar) miqdori va shirinlashtiruvchi moddalar turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy rekvizit sifatida qamrab olishi hamda Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinishi;
- deklaratsiya qilingan va haqiqiy tarkibi o‘rtasidagi nomuvofiqlikni aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvlari natijalarini riskka asoslangan tarzda qamrab olinishi;
- umumlashgan ma’lumotlarning ochiq formatda e’lon qilinishi hamda xalqaro standartlarga (GS1 Digital Link) mosligi ta’minlanishi nazarda tutiladi.
Bojxona qo‘mitasi 2028 yil 1 yanvarga qadar import qilinayotgan alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini elektron deklaratsiyalash tizimini joriy etishi va belgilangan talablarga javob bermaydigan holda tamg‘alangan mahsulotlarni mamlakat hududiga kiritilmasligini ta’minlashi kerak.
Shu bilan birga, 2027 yil 1 yanvardan boshlab ta’lim muassasalari hududida belgilangan talablarga javob bermaydigan holda tamg‘alangan alkogolsiz ichimliklar savdosini bosqichma-bosqich cheklanishini mumkin.
Ushbu qaror loyihasi muhokamasi ertaga, 14 oktyabr kuni yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda markirovkalash talablarini buzgan tadbirkorlar uchun javobgarlik yengillashtirilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi