Endi fuqarolarning xonadon dori qutilari shaxsan tekshiriladi

Salomatlik

image

Endi O‘zbekiston fuqarolarining xonadon dori qutilari shaxsan nazoratdan o‘tkaziladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari xodimlari o‘ziga biriktirilgan barcha xonadonlarda faol patronaj ishlarini olib bormoqda.

“Bunda uyma-uy yurgan holda “Xonadon dori qutisi”ni shaxsan nazoratdan o‘tkazish, muddati o‘tgan preparatlar, saqlash qoidalari buzilgan hamda “Quramax medical” kompaniyasining barcha dori vositalarini qabul qilmaslik va iste’moldan chiqarish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlangani hamda 2022 yilning dekabr oyida O‘zbekistonga keltirilgan “Dok-1 Maks” dorisining 3 ta partiyasi, ya’ni salkam 60 ming qutisi qat’iy nazorat ostida saqlanyotgani haqida xabar berilgan edi.

Ozoda Choriyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing