Endi firibgarlar soxta raqamlardan qo‘ng‘iroq qilolmaydi
Jamiyat
−
05 may 15574 3 daqiqa
Endi firibgarlar tomonidan soxta raqamlar orqali fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilish texnik cheklanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, qaror bilan kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va qator tashkiliy-texnik choralarni ko‘rish belgilangan.
Jumladan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida yagona ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi alohida qonun loyihasini ishlab chiqish hamda yuridik shaxslar tomonidan kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi barcha jinoyatlar yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish topshirilgan.
Banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida yo‘l qo‘yilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish belgilangan.
Shu bilan birga, bundan keyin kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasidan, bank hisobraqami, elektron hamyonidan va boshqa shaxsiga doir ma’lumotldaridan (SIM kartasi, elektron akkaunti) foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari o‘rnatiladi.
Kiberjinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida axborot tizimidagi zaifliklar va kamchiliklar oqibatida kiberjinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxatini ommaga e’lon qilish hamda aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan onlayn firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”)ni barvaqt aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, qaror bilan shaxslarning bank kartalaridagi pullarini talon-toroj qilinishini to‘xtatish maqsadida banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga zamonaviy antifrod va antivirus himoya tizimlarini joriy etish hamda firibgarlar tomonidan soxta raqamlar orqali fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilishlarini texnik (imkonsiz qilish) cheklash kabi choralar belgilangan.
Qarorga muvofiq kiberjinoyatlarni fosh etish yo‘nalishida Markaziy bank, to‘lov tizimi va ichki ishlar organlari vakillaridan iborat tezkor harakatlanish guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va mazkur guruh tomonidan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan aniqlash va bloklash kabi choralar ko‘rib boriladi.
Buning natijasida, kiberjinoyat orqali jinoyatchilar tomonidan o‘zlashtirilgan pullarni respublika hududidan chiqib ketishini oldini olish va jabrlanuvchiga qaytarish imkoniyati ta’minlanadi.
Shular qatorida, qaror bilan kiberjinoyatlarni tergov qilish va fosh etish faoliyatining sifati va samaradorligi oshirish maqsadida ushbu jarayonida qonunchilik ijrosi ustidan prokurorlik nazorati hamda ilmiy tadqiqot faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, mazkur qarorda ko‘rsatilgan vazifalarning amalga oshirilishi mas’ul davlat organlari, tashkilotlar, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining fuqarolarning kiberjinoyatlardan jabrlanib qolishining oldini olish hamda ularning moliyaviy xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha mas’uliyatini oshishiga xizmat qiladi.
Live
Barchasi