Endi ekologik toza hududlarga yangi maqom beriladi
Jamiyat
−
03 iyun 2023
3752Ayrim hududlarga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi. Bu haqda joriy yilning 31 may kuni “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig‘inlariga “ekomahalla”, “ekoqishloq” va “ekoovul” maqomi beriladi. Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tuzilmasida Situatsion markaz tashkil etildi.
Shu jumladan, 2023 yil 1 iyulgacha “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari Vazirlik tasarrufiga o‘tkaziladi. 2023 yil 1 iyuldan esa qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
Bundan tashqari, Vazirlik davlat organlari va tashkilotlarida qog‘ozdan foydalanishni keskin kamaytirish, ayrim yo‘nalishlarda faoliyatni to‘liq raqamlashtirish orqali qog‘ozdan to‘liq voz kechish nazorati kuchaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qarorda Tabiat resurslari vazirligining nomi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga o‘zgargani, 2023 yil 1 iyuldan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy etilishi hamda ekologiyaga doir yana bir qator yangiliklar kiritilgani haqida aytilgan edi.
LiveBarchasi