Tabiat resurslari vazirligining nomi o‘zgardi. Bu uning faoliyatiga ta’sir qiladimi?
Jamiyat
−
02 iyun 2023
5026Tabiat resurslari vazirligining nomi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga almashtirildi. Bu haqda joriy yilning 31 may kuni imzolangan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformasiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2023 yil 1 iyuldan “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi. Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritildi. Bundan tashqari, vazirlikda alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.
Shu jumladan, 2023 yil 1 dekabrgacha tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi. 2025 yil yakunigacha respublika hududi bo‘yicha atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarni prognozlash va aholini barvaqt ogohlantirish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.
2024 yil yakunigacha hududlarni ekologik baholash bo‘yicha indikatorlar asosida “eco-indicator.uz” reytingi shakllantiriladi va har bir hududning ekologik pasporti e’lon qilinadi. Farmonga muvofiq, Milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxati joriy etiladi.
2024 yildan, jumladan, quyidagilar uchun har yili 500 milliard so‘m ajratiladi:
• “yashil belbog‘”, “yashil bog‘” va “yashil jamoat park”lar hamda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;
• asosiy temir yo‘l va magistral avtoyo‘llar bo‘yida daraxt ko‘chatlarini ekish;
• har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam bo‘lmagan maydonlarda bog‘lar barpo etish.
2023 yil yakunigacha har bir davlat tashkiloti va hokimlikning o‘z bog‘lari tashkil etiladi hamda 3 yil davomida parvarishlanadi. 2024 yil 1 yanvardan uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi