Endi DXX xodimlari kuni MXX tashkil etilgan kunda nishonlanadi
Jamiyat
−
27 avgust 2021
10651O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xzimati xodimlari kunini nishonlash qator qarama-qarshiliklarni keltirib chiqargani uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan belgilangan 5 aprel – Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kuni yana avvalgidek 26 sentyabrga ko‘chirilmoqda. Bunga oid qonun bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida qabul qilindi.
Yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Mazkur qonunda 26 sentyabr kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilgan.
“Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining tarixi aslida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 26 sentyabrda qabul qilingan PF–265-sonli Farmoniga borib taqaladi.
Qayd etish joizki, Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018 yilning 5 aprelida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Hujjat bilan xizmat faoliyatining mustahkam qonuniy asoslari yaratilib, zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar belgilandi. Natijada Prezidentimizning davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish siyosatiga mos bo‘lgan shaffof, davlat va xalq manfaatini himoya qiluvchi organ yaratildi.
Shu sababli 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida 5 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangan edi.
Bugungi kunda 5 aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016 yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi.
Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2018 yil 2 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotadi va 26 sentyabr tarixiy sanasi asosida yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanadi”, deyiladi Senat axborotida.
Qayd etilishicha, mazkur qonunning ma’qullanishi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining ma’naviy-ruhiy kayfiyatini, xizmat uchun faxr tuyg‘usi yanada kuchayishi, avlodlar o‘rtasida ustoz-shogird an’analari saqlanib qolishi, xizmatning faxriylariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, xorijiy hamkorlar o‘rtasida davlat xavfsizlik idoralari imijini mustahkamlash imkonini beradi.
Shulardan kelib chiqib, Senat a’zolari ushbu qonunni ma’qullagani aytilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 26 sentyabrda qabul qilingan PF–265-sonli farmoniga ko‘ra, KGB o‘rnida MXX tashkil etilishi belgilangan. 2018 yilgacha tizim faoliyati ushbu farmon va Hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlar bilan tartibga solingan.
LiveBarchasi