Endi davlat xizmatchilari majburiy, sohaviy-huquqiy “imtihon”dan o‘tadi
Jamiyat
−
23 dekabr 2019
7261Davlat boshqaruv xodimlari bilishi majburiy bo‘lgan sohaviy-huquqiy talablar ishlab chiqiladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan.
Unga asosan, vazirlik va idoralar uch oy muddatda o‘zlarining faoliyat sohalaridan kelib chiqqan holda boshqaruv xodimlari bilishi majburiy bo‘lgan sohaviy-huquqiy talablarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Hujjatda belgilanishicha, 2020 yil iyul oyidan boshlab:
• davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablarga muvofiqligi belgilangan tartibda huquqiy savodxonlikni baholashning avtomatlashtirilgan tizimi orqali baholab boriladi;
• baholash natijalarini tahlil qilish orqali Adliya vazirligi tomonidan davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.
• Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasiga qo‘yiladigan talablar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy yuridik ma’lumotli xodimlari, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari, harbiy xizmatchilar, shuningdek Davlat tashkilotlarining huquqiy savodxonligi minimal darajasi bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan baholashdan o‘tkaziladigan xodimlari lavozimlari ro‘yxatida ko‘rsatilmagan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda:
• 2020 yil 1 yanvardan huquqiy savodxonlikni oshirish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot tarmog‘ining sinov rejimida;
• 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa to‘liq rejimda ishga tushishini ta’minlaydi.
Ushbu qarorni ijro etish bilan bog‘liq xarajatlar vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
LiveBarchasi