Endi daraxt kesilgani haqida xabar qilganlarga “suyunchi” beriladi
Jamiyat
−
07 yanvar 2022
6364Endi daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga ham pul mukofoti beriladi. Bu haqda bugun, 7 yanvar kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan 2022 yilning dastlabki matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Prezidentning tegishli Farmon va Qarori bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.
Shuningdek, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishga oid hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, ko‘rsatma va qarorlar qabul qilish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytiriladi. Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
LiveBarchasi