Endi birinchi marta qoida buzgan tadbirkorlar kechiriladi

Jamiyat

image

2027 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Bu haqda joriy yilning 27 avgustidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–175-sonli Prezident farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2028 yil 31 dekabrga qadar huquqiy eksperiment sifatida o‘rta va yirik tadbirkorlar tomonidan o‘z faoliyatini auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliq va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash va to‘lash bo‘yicha tashabbus tarzidagi auditdan o‘tkazish hamda auditorlik xulosasini soliq organi tomonidan tan olish mexanizmi joriy etiladi.

Bunda:

  • audit o‘tkazilgan davr uchun soliq organlari tomonidan soliq auditi o‘tkazilmaydi;
  • aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun muddatda bartaraf etilganda tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanmaydi;
  • mazkur eksperiment doirasida audit o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar reyestri Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritiladi va rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi;
  • auditorlik xulosasini tan olish oqibatida to‘lanmay qolgan soliq va yig‘imlar aniqlangan holatlar bo‘yicha auditorlik tashkiloti javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida 1 yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi. Kameral soliq tekshiruvi esa bundan mustasno.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, birinchi marta qoida buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, o‘zgalarning mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qo‘llanmaydi. Ularga dastlab kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etilishi va joriy yil 31 dekabrgacha kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing