Endi aholi punktlaridagi bo‘sh yerni shunchaki olib qo‘yishga taqiq qo‘yiladi
Jamiyat
−
19 noyabr 2025 7321 2 daqiqa
2026 yil 1 apreldan boshlab o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 19 noyabr kuni imzolangan “Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z borgan.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqaro davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Bunda daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi taqiq qo‘yishga rozilik bildirgan taqdirda, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi.
Kadastr agentligi tegishli yer maydoni xususiy mulk hisoblanmasligi yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini o‘rganib, ijobiy hollarda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonga qo‘yilgan taqiqni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Bundan buyon Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumdavlat ahamiyatiga ega muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hisoblanadi va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:
• Tabiiy hududlar boshqaruvi va bo‘ysunuvi bevosita Ekologiya qo‘mitasida bo‘ladi;
• yangi tabiiy hududlarni tashkil etish va mavjud tabiiy hududlar maydonini kengaytirish qonunosti hujjatlari bilan amalga oshirilishi mumkin;
• tabiiy hududlarning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bog‘lari, buyurtma qo‘riqxonalari, kurort tabiiy hududlar va botanika bog‘lari tashkil etilishi mumkin va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:
• Boshqaruvi va bo‘ysunuvi tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
• ularning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Live
Barchasi