Endi 10-sinf o‘quvchilari ham texnikumga o‘qishini ko‘chira oladi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari ham texnikumga o‘qishini ko‘chira oladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 450-son qarorida so‘z boradi. 

Unga muvofiq kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi belgilanadi.

Mazkur davlat xizmatlaridan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi. 10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanib, o‘quvchilar uchun kasbiy ta’lim olish imkoniyatlari yanada kengaytiriladi.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi. Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YAIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi va fuqarolar uchun davlat xizmatlaridan foydalanish jarayoni raqamlashtiriladi, soddalashtiriladi hamda ortiqcha byurokratik jarayonlar kamaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-2027 yillar davomida 14 ta “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing