Endi 10-11 sinf o‘quvchilari fanlarni o‘zi tanlaydi

Jamiyat

image

2019-2020 o‘quv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitila boshlanadi. Tajriba sinov 2019-2020 o‘quv yili yakuniga qadar o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri buyrug‘i bilan 2019-2020 o‘quv yilining uchinchi choragidan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalar tajriba-sinovdan o‘tkaziladi.

Variativ o‘quv rejalarini joriy qilishdan maqsad o‘quvchilarning o‘zlari qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash va yuqori sinflarda o‘quv jarayonini kasblarga yo‘naltirilgan holda tashkil etishdan iborat.

Ta’kidlash joizki, variativ o‘quv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy bo‘lib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali o‘qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

Quyidagi hollarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja joriy qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

•    o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalardan norozichilik bo‘lsa;
•    umumiy o‘rta ta’lim maktablari variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja asosida o‘qitiladigan sinfga tegishli fandan dars berish uchun yetarli •    malaka va tajribaga ega o‘qituvchi bilan ta’minlanmagan bo‘lsa.

Tanlov sinfi yo‘nalishi 10-, 11-sinflar kesimida o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali aniqlanadi. Bunda bir nafar o‘quvchi faqat bitta yo‘nalishni tanlaydi.

O‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish va natijasini umumlashtirish uchun maktabda tanlov komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibiga maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, psixolog, fan metod birlashma rahbari va ota-onalar qo‘mitasi raisi kiritiladi. Shu bilan birga, tanlov komissiyasi a’zolari tarkibiga o‘quvchilarning ota-onalari va tegishli yo‘nalishdagi fan o‘qituvchilari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ota-onalar qo‘mitasi raisi va fan metod birlashma rahbari bundan mustasno).

So‘rovnomani o‘tkazish va natijalarini umumlashtirish jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida ushbu jarayonlarda maktabning Kuzatuv kengashi a’zolari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.

So‘rovnoma natijasida tegishli tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan oshib ketsa, bunday holda o‘quvchilar maktab tomonidan tashkil etiladigan tegishli fan bo‘yicha sinov natijalari asosida tanlov sinfiga qabul qilinadi.

Agarda tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan ortiq bo‘lmasa, bunday holda o‘quvchilar tanlov sinfiga sinovsiz qabul qilinadi.

Tanlov sinfini tashkil etish uchun quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etiladi:

•    birinchi yo‘nalish: xorijiy til va filologiya yo‘nalishi;

•    ikkinchi yo‘nalish: moliya – iqtisod yo‘nalishi;

•    uchinchi yo‘nalish: texnologiya yo‘nalishi;

•    to‘rtinchi yo‘nalish: tabiiy fanlar yo‘nalishi;

•    beshinchi yo‘nalish: ijtimoiy-gumanitar yo‘nalish.

Pedagogika kengashi qarori bilan tasdiqlangan tanlov sinfi yo‘nalishidan kelib chiqib, tegishli fan metodika birlashmasi va direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tanlov sinfining o‘quv rejasi tuziladi.

Tanlov sinfi uchun variativ o‘quv rejani tuzishda 2019-2020 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada 10-11-sinflarga ajratilgan umumiy dars soatlari miqdori asos qilib olinadi. Bunda haftalik umumiy soatlar miqdori 10-sinfda 30 soatni, 11-sinfda 31 soatni tashkil etadi.

Variativ o‘quv rejalarining joriy etilishi natijasida 10- va 11-sinflarda o‘quvchilar o‘qiydigan majburiy fanlar soni 15 tadan 8 taga kamayadi. Mazkur o‘quv rejasini tajriba-sinovdan o‘tkazish jarayonida ona tili va adabiyoti, o‘zbek tili/rus tili, chet tili, tarix, matematika, informatika, ma’naviyat asoslari (tarbiya), jismoniy tarbiya fanlari majburiy o‘qitiladi.

Mazkur majburiy fanlarga ajratilgan soatlarning miqdori tayanch o‘quv rejada belgilangan miqdordan (10-sinfda jami 19 soatdan, 11-sinfda 19,5 soatdan) kam bo‘lmasligi lozim.

O‘quvchilar tomonidan tanlangan yo‘nalishga oid fanlar tanlov fanlari hisoblanadi. Tanlov sinfida majburiy fanlar bilan birga tanlov fanlari ham o‘qitiladi va tanlov fanlari uchun haftada 10-sinfda jami 11 soat, 11-sinfda 11,5 soat ajratiladi. Tanlov fanlariga 2019-2020 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada 10-11-sinf uchun belgilangan barcha fanlar kiradi.

Majburiy fanlar tanlov fani sifatida ham tanlanishi mumkin. Bunda majburiy fanga tayanch o‘quv rejada ajratilgan soatga qo‘shimcha ravishda tanlov fani uchun ajratilgan soat qo‘shib o‘qitiladi.

Tanlov fanlariga boshqa fanlar hisobidan ajratiladigan qo‘shimcha soatlarni o‘tishda fanlarning bo‘lib o‘qitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, tanlov fani sifatida tanlangan majburiy fanlar: “Chet tili”, “Informatika va axborot texnologiyalari”, “Jismoniy tarbiya”, ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim maktabida “O‘zbek tili” hamda ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Rus tili” fanlari ikki guruhga bo‘lib o‘qitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi (mazkur fanlarga tayanch o‘quv rejada ajratilgan soatlar bundan mustasno).

Tanlov sinfida tanlov fanlari uchun ajratilgan soatlarni yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli fanlar uchun quyidagicha taqsimlash tavsiya etiladi:

Xorijiy til va filologiya yo‘nalishida: 10-sinfda “Chet tili” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat, 11-sinfda “Chet tili” fani 5,5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat o‘qitilishi mumkin;

Moliya – iqtisod yo‘nalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 6 soat, “Chet tili” fani 5 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 5,5 soat, “Chet tili” fani 6 soat o‘qitilishi mumkin;

Texnologiya yo‘nalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 4 soat, “Fizika” fani 7 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 4,5 soat, “Fizika” fani 7 soat o‘qitilishi mumkin;

Tabiiy fanlar yo‘nalishida: 10-sinfda “Biologiya” fani 5 soat, “Kimyo” fani 6 soat, 11-sinfda “Biologiya” fani 5,5 soat, “Kimyo” fani 6 soat o‘qitilishi mumkin;

Gumanitar yo‘nalishida: 10-sinfda “Tarix” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat, 11-sinfda “Tarix” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6,5 soat o‘qitilishi mumkin.

Tanlov fani bo‘yicha qo‘shimcha ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi:

•    o‘quvchilarga fanlarni chuqur o‘rgatish va tegishli mavzularga doir qo‘shimcha ma’lumotlar berish;

•    o‘quvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularni to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash;

•    “Khan Academy O‘zbek – Onlayn ta’lim platformasi” ta’lim resurslaridan foydalanish;

•    qo‘shimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar (DTM saytidagi namunaviy testlar) yechish;

•    oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini jalb qilish;

•    o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash.

Tanlov fanlarini chuqur o‘rgatishda darsliklardan tashqari, qo‘shimcha adabiyot va manbalardan foydalanish mumkin. Bunda mualliflik o‘quv dasturlaridan amaliyotda foydalanishga Respublika ta’lim markazi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan taqdirda ruxsat etiladi.

“Variativ o‘quv rejalari hozirda tajriba sifatida joriy etilmoqda. Yangi tizim o‘quvchilarga maktabning o‘zida oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihoniga tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratib, repetitorga ehtiyojini kamaytiradi. Shuningdek, o‘quvchilarning vaqti tejaladi. Natijada, ota-onalarning repetitorga sarflayotgan mablag‘i tejalib, kam ta’minlangan oila farzandlari uchun ham OTMga bepul tayyorgarlik ko‘rishga imkon yaratiladi”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov.


Maqola muallifi

Teglar

maktab XTV

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing