Endi hokimlarning sun’iy intellekt bo‘yicha ham maslahatchisi bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi shahar va tumanlarda hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. 

Barcha vazirlik va hokimliklarga o‘z tuzilmasida sun’iy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan alohida bo‘linma tashkil qilish va ularning oldiga, eng avvalo, ish samaradorligi va xizmat sifatini oshirish, ortiqcha xarajat, “yashirin” iqtisodiyot va byurokratiyani qisqartirish kabi masalalarga sun’iy intellekt orqali yechim topish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi. 

Yuqori ko‘rsatkichga erishgan, xorijiy til biladigan, texnologik bilimi kuchli 100 nafar mutaxassis AQSH, Yevropa, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarga olti oylik kurslarga yuboriladi. 

Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratilgan. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi. 

O‘tgan yili Sun’iy intellektni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamli texnologiyalar vazirligida mazkur soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi. Bir yilda mamlakat sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi (dunyoda 70-o‘rin, Markaziy Osiyoda 1-o‘rin).

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 20 oktyabr kuni qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan hokimlarning ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilishi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev hokim sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing