Endi har yili kamida 200 nafar o‘zbekistonlik qiz xorijga o‘qishga yuboriladi
Jamiyat
−
07 mart
6546Joriy yildan boshlab har yili O‘zbekistondagi sharoiti og‘ir oilalarning kamida 200 nafar qiz farzandi “Yorqin kelajak” loyihasi doirasida xorijga o‘qishga yuboriladi. Bu haqda bugun, 7 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
“Bu yil sharoiti og‘ir oilalardagi iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha “Yorqin kelajak” loyihasini boshlayapmiz. Ushbu loyiha doirasida kamida 200 nafar qizimiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi”, dedi Prezident.
Bildirilishicha, bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Natijada har bir mahalladan 25-30 nafar xotin-qiz oliygohlarda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Buning uchun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova har bir maktabda yuqori sinfda ta’lim olayotgan qizlar bilan ishlashni individual yondashuv asosida tashkil etib, ularni oliygohlarga tayyorlaydi.
Shuningdek, tadbirda keyingi yillarda xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Mamlakatdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berilgan. Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollar yaratmoqda. Ularning orasida xalqaro darajada e’tirof etilayotgan ilm-fan vakillari bor. Masalan, taniqli mikrobiolog olima Dilfuza Egamberdiyeva sho‘rlangan tuproqda serhosil ekinlar yetishtirish bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun UNESCO'ning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi
LiveBarchasi