Mirziyoyev “Rosatom” rahbari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 aprel kuni Toshkent shahrida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Bildirilishicha, suhbatda tinch atom sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etilgan.

Qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Toshkent shahridagi “MIFI” filiali negizida kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Ma’lumot uchun, Mirziyoyev va Lixachevning uchrashuvi bugun, 28 aprel kuni “Central Asian Expo Uzbekistan” majmuasida ish boshlagan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan. 

Lixachev ko‘rgazma davomida Toshkent va Moskva O‘zbekiston hududida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bilan bog‘liq barcha huquqiy masalalarni hal etishni yakunlaganini, uning poydevoridagi birinchi beton bir yildan keyin yoki undan oldin quyilishi mumkinligini aytdi. 

“Biz loyihani boshlash uchun barcha huquqiy masalalarni hal qildik. Oldinda bizni odatiy tartib, loyihaning spetsifikatsiyasi, litsenziyalash va birinchi beton kutib turibdi, umid qilamanki, bu bir yildan keyin, ehtimol undan tezroq amalga oshiriladi. O‘zbekiston rahbariyati yirik atom elektr stansiyasi mavzusiga qaytsa, bizda hozirdanoq takliflar tayyor bo‘ladi – nafaqat bu bo‘lajak ob’ektlarning ko‘rinishi, balki bu yerda O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan, katta hajmdagi ishlarni mahalliylashtirish bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalar bo‘yicha ham”, dedi Lixachev.

“Rosatom” rahbari ushbu loyiha elektrotexnika va mashinasozlikning ilg‘or tajribasini jalb etgan holda xalqaro hamkorlik formatida amalga oshirilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil may oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi. Stansiya Rossiyaning RITM-200N reaktori asosida barpo etiladi (quvvati – 55 MVt, xizmat muddati – 60 yilgacha).

Dastlabki reaktor besh yil ichida ishga tushirilishi, keyingilari esa olti oylik interval bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. AES to‘liq loyihaviy quvvatga 2033 yildan oldin chiqishi kutilmayapti.

O‘zbekiston AES qurish uchun xalqaro konsorsium tuzishni rejalashtirib, Rossiya, Xitoy va Yevropa texnologiyalarini jalb etishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, turbinalar, generatorlar va sovutish inshootlari uchun xalqaro kompaniyalarning uskunalarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining qiymati 2 milliard dollardan kam bo‘lishini aytdi. U “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) loyihasida ishtirok etish bo‘yicha uchta Fransiya kompaniyasi bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rosatom AES Aleksey Lixachev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing