Emina Erdo‘g‘an – O‘zbekistonda! U G‘azo haqida eridan ham ta’sirli nutq qildi
Olam
−
09 noyabr 2023
166557 oktyabrdan beri Isroilning xalqaro huquqni buzgan hujumlarida qurbon bolalar soni so‘nggi uch yil ichida barcha mojaro zonalarida halok bo‘lgan bolalar sonidan oshib ketdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an bugun, 9 noyabr kuni O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva vasiyligidagi “Zamin” fondi tomonidan tashkil etilgan "Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumidagi nutqida so‘z ochdi.
“Mojarolar, terrorizm va ishg‘ollarning oldini ololmay, farzandlarimizni himoya qilolmasak, barcha ezgu niyatlarimiz o‘z mazmunini yo‘qotadi. 7 oktyabrdan beri Isroilning xalqaro huquqni buzgan hujumlarida yo‘qotilgan bolalarimiz soni so‘nggi uch yil ichida barcha mojaro zonalarida halok bo‘lgan bolalar sonidan allaqachon oshib ketdi. Nafratni zirhdek kiygan, rahm-shafqatini yo‘qotgan, vijdon ovozini o‘chirib qo‘ygan davlat bolalarning boshiga raketalar, bombalar yog‘dirib, dunyomizni halokatga tortmoqda. O‘t ochishni to‘xtatishni qabul qilmagan Isroil insonparvarlik yordamining G‘azoga yetib borishiga ruxsat bermayapti. Dahshatli shafqatsizlik vijdonda tuzatib bo‘lmaydigan yaralar yaratadi”, deydi Turkiya Birinchi xonimi.
Uning urg‘ulashicha, farzandlar va onalarning nolasini tili, dini, teri rangiga qarab ajratish bu insoniyatga qarshi jinoyatga sherik bo‘lishdir.
Birinchi xonim Erdo‘g‘an qon to‘kilishini to‘xtatishning yagona yo‘li masalaga diniy va tarixiy rishtalardan, siyosiy va tijorat aloqalaridan xoli ravishda vijdon va rahm-shafqat nazari bilan qarash ekanini aytdi.
U Myanma, Somali, Ukraina va Suriyada bo‘lgani kabi Falastinga nisbatan ham dunyodan xuddi shunday munosabatni kutayotganini bildirdi. Dunyoda hech bir shafqatsizlikni jim kuzata olmaydigan Turkiya, avval o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa doimiy tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarini qat’iyat bilan davom ettirishini aytdi.
“Chunki biz bolalar o‘sib-ulg‘ayib, yer yuzini qonlari bilan emas, tabassumlari bilan bo‘yashlari mumkin bo‘lgan dunyoni xohlaymiz. Ularning nomlarini shahidlar ro‘yxatida emas, balki medallar, insoniyat manfaati uchun yaratilgan ixtirolar, kitoblar, san’at asarlarida ko‘rishni istaymiz. Osvensimda (Osvensimdagi konslager, Polsha – tahr.) oilasidan ayrilgan vijdonli yahudiylar Falastindagi qon to‘kilishini to‘xtatish uchun kurashar ekan, qirg‘inning genotsidga aylanayotganini kuzatib turmagan jamiyatlarning faryodi osmonga ko‘tarilgani sari insoniyatdan umidlarimiz ortib bormoqda”, deydi Emina Erdo‘g‘an.
So‘zi so‘nggida u iqlim o‘zgarishi bo‘yicha forumni tashkil etgani uchun O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga minnatdorlik bildirgan.
LiveBarchasi