Emina Erdo‘g‘an turk kinoijodkorlarini dunyoga qotillik, mafiya va zo‘ravonlikni eksport qilmaslikka chaqirdi

Olam

image

Turkiyada tayyorlanayotgan ayrim seriallar va media mahsulotlar jamiyatda zo‘ravonlikning rag‘batlantirilishiga sabab bo‘lmoqda. OAVda reyting uchun inson qadr-qimmati qurbon qilinmoqda. Qotillar, mafiya va zolimlar jamiyatga o‘rnak sifatida ko‘rsatilmoqda. Bularning oldini olish, dunyoga tarixiy qadriyatlarni eksport qilish vaqti keldi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidentining rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an kecha, 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan videokonferensaloqa orqali o‘tkazilgan “Zo‘ravonlikka qarshi kurashda teleseriallarning ahamiyati” nomli anjumanda so‘z ochdi. 

Oila, bandlik va ijtimoiy xizmatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan onlayn-anjumanda mamlakatning ko‘zga ko‘ringan rejissyorlari, aktyor va aktrisalari ishtirok etdi. 

Erdo‘g‘an so‘zi avvalida ushbu anjumanda qatnashayotgan har bir ishtirokchi “ayollarga nisbatan zo‘ravonlik” deya nom olgan jinoyatga qarshi kurashda bir yoqadan bosh chiqarayotganini alohida e’tirof etgan. 

“Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik nafaqat bizda, balki butun dunyoda duch kelinadigan katta jarohatdir. Aslida bu ma’lum ma’noda global pandemiya”, deydi Emina xonim.

Mamlakat rahbarining rafiqasi zo‘ravonlikka uchragan ayol bitta bo‘lsa ham, ushbu jinoyatga qarshi kurash bir xil shaklda davom etishi kerakligini alohida urg‘uladi. 

“Bir ayolga ko‘tarilgan qo‘l – bu hammamizga ko‘tarilgan qo‘l. Bir ayoldan to‘kilgan bir tomchi qon, bizning butun tomirlarimizni qurutadi. Shu sabab ayollar va zo‘ravonlik so‘zlari yonma yon kelgan jumlalar yo‘q bo‘lmaguncha, tinchligimiz abadiy bo‘lmaydi. Bu masalaga qarshi kurashda to‘xtamay ishlashimiz kerak. Eng muhimi, biz bunday hodisalar bilan har tomonlama kurashishimiz kerak. Ushbu kurashda davlat, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va boshqa barcha manfaatdor tomonlar qatnashishi kerak”, deydi Emina Erdo‘g‘an. 

Birinchi xonim onlayn-anjumanda ishtirok etayotgan aktyor va aktrisalar, yozuvchilar hamda akademiklarga yuzlanib, shunday deydi: 

“Tilingizdan yangragan va qalamingizdan to‘kilgan eng kichik so‘zlar, sizlar ko‘rsatadigan ijrolar bebahodir. Shu bois biz ommaviy axborot vositalari va shu qatorda, teleseriallarning zo‘ravonlikka qarshi kurashda samarali vositaga aylanishi uchun umumiy yakdil fikrni shakllantirishni istaymiz”. 

Turkiyada bugun telekanallarni tomosha qilishning o‘rtacha davomiyligi kunlik 3 soat 34 daqiqani tashkil etayotganini aytgan Emina Erdo‘g‘an, televideniye avval boshdan xabarlarni yetkazish vositasi bo‘lib, ayni kunda xalqning fikri va dunyoqarashini boshqarish quroliga aylanganini urg‘uladi. 

“Uning bugungi kuchi, mukammalligi degani emas. Siz ham yaxshi bilasizki, mediada, filmlar va seriallarda ishlatiladigan mavzular, afsuski, zo‘ravonlikni oziqlantiruvchi jihatlarga ega. Tadqiqotlar shuni aniq ko‘rsatadiki, televizion ko‘rsatuvlarda namoyish etilayotgan zo‘ravonlik jamiyatning xulq-atvori buzilishiga olib keladi va zo‘ravonlikni rag‘batlantiradi. Sarlavhalarda ishlatilgan “g‘azablangan er, aqldan ozgan xotin” kabi iboralar aslida oldindan qilingan jinoyat uchun bahonadek. Zo‘ravonlik va qo‘rquv ta’kidlangan, chunki u ko‘proq e’tiborni jalb qiladi. Iltimos, reyting uchun inson qadr-qimmatini qurbon qilmaylik. Qotillarni, mafiya va zolimlarni jamiyatga o‘rnak sifatida tanishtirmaslik kerak”. 

Birinchi xonim so‘zida davom etib, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning telekanallarda komedik ko‘rsatuvlar, shou va seriallar orqali yoritilishi, ayol zo‘ravonlikka yoki mushtga uchragan lavhalarni esa kulgi ovozi bilan efirga uzatilishi jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oddiy qabul qilinishi va jim qarab turilishiga olib kelayotganini aytdi. 

Qahramonlarning tomoshabinlar dunyosidagi ahamiyatiga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘an aksessuarlardan tortib, soch turmagi va imo-ishoralargacha moda bo‘lib, marketing elementiga aylanganini qayd etdi. Birinchi xonim bu konstruktiv va vayronkor ta’sirga ega bo‘lgan buyuk kuch ekanini anglash kerakligini ta’kidladi. Ko‘p narsalar beg‘uborligini yo‘qotgan bu asrda ommaviy axborot vositalari, televideniye va kinematografiyani jamiyat manfaatlari uchun ishlatish ijodkorlar qo‘lida ekanligiga ishora qildi. 

“Turkiya Amerikadan keyin dunyodagi eng ko‘p serial eksport qiladigan mamlakatdir. Keling, biz bu seriallar orqali mehr-shafqat, sevgi va insoniy qadriyatlarni eksport qilaylik. Shu nuqtai nazardan bizning asosiy mavzu oila bo‘lgan va tarixiy qadriyatlarimiz bilan boyitilgan media mahsulotlariga ehtiyojimiz bor ekanini ifoda etmoqchiman”, deydi Erdo‘g‘an.

Ma’lumot o‘rnida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qayd etishicha, dunyoda har uch ayolning bittasi zo‘ravonlikka duch kelmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Emina Erdo'g'an

Baholaganlar

93

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing