Siyosat ayollari qanday kiyinadi?
Tahlil
−
10 iyun
11283Odatda qizlar, ayollar kiyim olish uchun bozorga tushishadi, do‘konlardan xarid qilishadi yoki bo‘lmasam tikuvchilarga murojaat qilishadi. Masalan, Toshkentda aksariyat ayollar milliy uslubdagi kiyimlar xaridi uchun xuddi mendek Chorsu bozoriga keladi. Ammo hech o‘ylab ko‘rganmisiz omma e’tiborida ko‘p bo‘ladigan siyosatdagi ayollar, birinchi xonimlar va boshqa mashhur ayollar o‘z imiji uchun qanday kiyimlarni afzal ko‘radi, qaysi dizaynerlar ishidan foydalanadi. Masalan, ularning ba’zilari o‘z imiji uchun millionlab pul sarflaydi, dunyoning eng qimmat dizaynerlari va kiyim brendlari faoliyatidan foydalanadi. Biroq ularning orasida kamtarona ko‘rinishni ham tanlaydiganlari bor, albatta. O‘ylaganingizdek, bugun siyosat olamidagi mashhur ayollarning imiji haqida gaplashamiz.
Melaniya Tramp
Keling, birinchi ro‘yxatni mamlakatlarning hozirgi va sobiq birinchi xonimlaridan boshlasak. Amerikaning sobiq prezidenti va hozirda ham mamlakat rahbarligiga o‘z nomzodini qo‘ygan Donald Trampning rafiqasi Melaniya Trampdan so‘z ochsak. Chunki u dastlabki faoliyatini modellik bilan boshlagan. Sobiq birinchi xonim Melaniya Tramp o‘zining garderobini modeldan siyosiy ayol obraziga o‘tishda uni ehtiyotkorlik bilan tuzdi. Melaniya Tramp konservativ bo‘lishi uchun baland yoqali va ko‘pincha toshbaqa bo‘yinli uslubdagi kiyimlarni tanlaydi. Bluzka, palto farqi yo‘q, u yoqani yaxshi ko‘radi. Shuningdek, kiyimlar liniyasini murakkab saqlash uchun Melaniya Tramp o‘z garderobiga shim kostyumlarini ham kiritadi. Ko‘pchilik Melaniyani juda kam xarid qilishini ta’kidlaydi. Ammo u Ralf Lauren, Dolse & Gabbana, Gussi va, albatta, Diorni yaxshi ko‘radi.
Bundan tashqari, sobiq birinchi xonim qo‘llarini uzun yengli yoki yelkasiga o‘ralgan palto bilan yopishni afzal ko‘radi.
Moda psixologi Karen xonim bu bilan Melaniya "Menga qarang, lekin tegmang", ma’nosini ifodalayotganini aytadi. Biroq Melaniya Tramp o‘z imijida baland poshnalardan ko‘p foydalangani uchun tanqidlarga uchragan. Masalan, u dovuldan aziyat chekkan Texas shtatiga tashrif buyurganida kiygan baland poshnalari uchun tanqidlar ostida qolgan.
Ha aytgancha, Melaniya o‘zining sokin yurish-turishi bilan tanilgan bo‘lsa-da, uning kiyimlari ko‘pincha baland ovozda. Melaniyaning sochlarini uzun yaltiroq to‘lqinlarsiz tasavvur qilish qiyin.
Bir narsani ta’kidlash kerakki, G‘arbda birinchi xonimlarning liboslari soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanmaydi va dizaynerlar ko‘pincha ularni bepul kiyintirishni taklif qilishadi.
Mehribon Aliyeva
Keling, endi moda bo‘yicha o‘z yo‘nalishimizni G‘arbdan Sharqqa bursak. Sharq Birinchi xonimlari orasida o‘zining o‘zgacha va takrorlanmas stili bilan ajralib turadigan Ozarbayjonning amaldagi Prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi Mehribon Aliyeva haqida so‘z yuritamiz.
Ozarbayjonning birinchi xonimi obrazi imijologiya va diplomatiya darsliklari uchun namunadir.
Uning qiyofasi beg‘ubor obro‘-e’tiborga asoslangan, puxta va tabiiy yaratilgan. Moda mutaxassislari sobiq Sovet respublikasi birinchi xonimining uslubini yuqori baholaydi. Rossiyalik modeler Vyacheslav Zaitsev uni "haqiqiy hashamatli ayol" deb ataydi.
Qayd etish joiz, ommaviy axborot vositalarida birinchi xonim g‘ayratli, bilimli, o‘ziga ishongan va vatanparvar rafiqa, ona va yosh buvisi sifatida taqdim etiladi.
U Sharq ayolining stereotipik g‘oyasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi va u har qanday yevropalik ayol kabi nafis ko‘rinishini aks ettiradi. Sharqiy mintaqa aholisi uning uslubini Melaniya Tramp bilan solishtirishadi.
Ozarbayjonning birinchi xonimi Karl Lagerfeld, Giorgio Armani, Ralf Lauren, shuningdek, ozarbayjonlik modeler Rufat Ismoil kabi kutyurelar va brendlarning kiyimlarini afzal ko‘radi. Qayd etish kerak, u qora rang va zamonaviy klassikalarni yaxshi ko‘radi.
Angela Merkel
Germaniya kansleri bo‘lib ishlagan, Angela Merkel nafaqat olib borgan siyosati, balki imiji bilan Buyuk Britaniyani Bosh vazir bo‘lib boshqargan Temir xonim Margaret Tetcher bilan doimo qiyoslanadi. Ammo ulardagi asosiy farq Margaret xonim Merkeldan ko‘ra tashqi ko‘rinishiga ko‘proq ahamiyat bergan, Merkel esa bu masalada mutlaqo befarqlik ko‘rsatadi. Uning odatiy kiyimi: 3 tugmali kostyumi, tekis shim va poyabzal. Imij kuchi kitobi muallifi Robb Yang o‘zining kitobida Merkelning tashqi ko‘rinishi nemislarning hayot tarzini ifodalashini aytadi, Unga ko‘ra, nemislar tejamkor rahbarlarni xalq qadrlaydi. Merkel o‘zining oddiy kiyinish uslubini tanlashiga "Mening bundan ham muhim ishlarim bor, deya javob qaytargan". Ammo aksariyat Uchinchi dunyo davlatlarining xonimlari hashamatni sevadi va kiyimlari uchun pullarni ayamaydi. To‘g‘ri-da, kimsan davlat rahbarining rafiqasi bo‘lib turib oddiy kiyinish bu uyatda. Kinoyamni tushundingiz, degan umiddaman.
Merkelni o‘rgangan moda mutaxassislarining aytishicha, uning kiyimi modeli yillar davomida deyarli o‘zgarmagan.
Mashhur nemis modeleri Karl Lagerfiyeld Merkelning uslubini tanqid qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Merkel qomatining xususiyatlarini hisobga olishi kerak. Shimlar juda uzun, kurtkalari tor, ranglar esa noto‘g‘ri tanlangan deydi, u Merkelning imiji haqida. Ammo u davlatni yaxshi boshqardi, uning oddiy kiyimlari uning siyosatiga xalaqit bermadi.
Tanzila Norboyeva
Imiji va ko‘rinish jihatdan Angela Merkelga o‘xshatiladigan O‘zbekiston Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva hozirda 67 yosh. Qayd etish joiz, Norboyeva dastlab ushbu lavozimga kelganidan beri uning uslubi va ko‘rinishi ancha o‘zgardi. O‘zbekistonlik taniqli aktrisa Ra’no Shodiyeva intervyularidan birida u Senat Raisi Norboyevaning shaxsiy dizayneri bo‘lganini aytgan. Aktrisa Turkiyaga ketganidan so‘ng bu ishni davom ettirolmaganini ma’lum qilgan va hozirda Norboyevaning dizayneri kimligi haqida ma’lumot topilmadi. Darvoqe, keling, uning imijiga bir nazar tashlasak. Senat raisi uchrashuvlarda asosan kostyum va klassik yubkani afzal ko‘radi. Xuddi Merkel imiji deyilganda, avvalo, kostyum va yubkalar kelganidek Norboyevada ham shunday. Ammo Tanzila Norboyeva milliylikni ham uyg‘unlashtiradi. U afzal ko‘radigan asosiy ranglar qora va ko‘k rang. Yana bir fakt Tanzila Norboyeva soch turmagini deyarli o‘zgartirmaydi. To‘g‘ri, uning imijini biroz zerikarli deyishingiz mumkin, ammo Germaniyada Merkel o‘z ishini yaxshi bajargani uchun hurmatga sazovor.
KXDR xonimi Ri Sol Chju
Yuqorida aytgan ayollar barchamizga birdek tanish. Biz ularni televideniye va tarmoqlar orqali tez-tez ko‘ramiz. Ammo hech o‘ylab ko‘rganmisiz, dunyoga yopiq Shimoliy Koreya davlatining birinchi xonimi qanday kiyinadi?
Dunyoning eng yakkalanib qolgan davlatlaridan biri bo‘lgan Shimoliy Koreyada yetakchi Kim Chen In negadir “to‘satdan” birinchi xonim Ri Sol Chjuni ommaga ko‘rsatdi. Bungacha mamlakat rahbarlari hech qachon rafiqalarini ommaga ko‘rsatmagan. Shimoliy Koreyada ayollarning aksariyati rasmiy kostyum kiyishlari va o‘zlarini iloji boricha kamtarona tutishlari kerak bo‘lsa-da, bu mamlakatning birinchi xonimi tizzasidan yuqori yubka va poshnali poyabzal kiyadi. Kim Chen In yosh rafiqasi omma oldida paydo bo‘lishi bilan Shimoliy Koreya ayollarining shim, platformali poyabzal va taqinchoqlar kiyishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi, bu esa mamlakatning mafkuraviy axloqchilarini hayratda qoldirdi.
Shuningdek, Ri Sol Chju erining otasi va bobosi tasviri tushirilgan nishonlarni taqmaydi, bu Shimoliy Koreyada majburiy aksessuar hisoblanadi. Bu uning uchun dunyoda sevgilisi Kim Chen Indan boshqa erkaklar yo‘qligi bilan izohlandi.
Emina Erdo‘g‘an
Turkiya davlatining birinchi xonimi, Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi salkam 70 yoshli Emine Erdo‘g‘an Yevropa xonimlaridan hech ham kam emas va ko‘p jihatdan o‘zining nafosatli ko‘rinishi bo‘yicha ulardan o‘zib ketadi. Emine Erdo‘g‘an juda ehtiyotkor kiyinadi. Chiroyli yorqin liboslar, hijob va baland poshnali tuflilar prezident rafiqasi va to‘rt farzandning onasi nafis qiyofasining ajralmas atributlaridir. Emine Erdo‘g‘an shunchaki ajoyib ko‘rinadi: ajinlar tarmog‘isiz yaxshi ishlangan teri, benuqson bo‘yanish, har bir kiyimga mos keladigan ajoyib sharflar va hijoblar. Uning imijini yana turli xil taqinchoq va to‘g‘nog‘ichlarsiz tasavvur qilish qiyin.
Aytgancha, haqiqiy turk ayoli va davlat rahbarining rafiqasi sifatida Emine turmush o‘rtog‘ining Turkiyadagi ayollarning tarixiy maqomi haqidagi fikrlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Er-xotinning so‘zlariga ko‘ra, Usmonli imperiyasi bunga ajoyib misol, u yerda musulmon ayollar sodiqlik ramzi bo‘lib, ko‘p bolali onalar rolini bajargan.
Erdo‘g‘an xonimning G‘arb brendlariga, xususan, fransuz brendlariga ishtiyoqi baland. Ma’lumki, Turkiya rahbarining rafiqasi Hermes, Chanel va boshqa fransuz brendlarining ashaddiy muxlisasi. Aytgancha, shu tufayli Emine Erdo‘g‘an bir vaqtlar janjal markazida qolgan. 2020 yil oktyabr oyi oxirida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Parij va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani munosabati bilan fransuz tovarlarini boykot qilishga chaqirdi.
O‘shanda internet foydalanuvchilari Erdo‘g‘an xonimning fransuz brendlariga bo‘lgan muhabbatini eslashdi. O‘shanda ommaviy axborot vositalari Emine xonimning 50 ming yevrolik Birkin sumkalarining butun kolleksiyasi borligini yozgandi.
Saida Mirziyoyeva
Endi esa kutganingizdek, O‘zbekiston Prezidentining qizi Saida Mirziyoyevaning imiji haqida gaplashsak. Saida Mirziyoyeva garderobidan eng ko‘p klassik kostyumlarni o‘rin olganini sezmaslik mumkin emas. Asosan, u oyoqni yopuvchi uzun va keng klassik shimlarni afzal ko‘radi. Yubkaga keladigan bo‘lsak, u hech qachon tizzadan baland yubkalarni tanlamaydi. Shuningdek, u qat’iy bitta rangdagi kiyimlarni afzal ko‘radi – klassik qora yoki grafit rang.
Bundan tashqari, Mirziyoyevaning imijida belbog‘lar va bo‘yinni yopuvchi turtlenekalar asosiy o‘rinda turishini sezish mumkin. Ammo Prezidentning qizi oddiy uslubni ham afzal ko‘radi, uni jinsi shimlar, futbolka va krossovkalarda ko‘rish mumkin. O‘zining ijtimoiy tarmoqlarida u ko‘pincha oilaviy kadrlarni ko‘rsatadi va unda Mirziyoyeva oddiy uslubda ko‘rinish beradi.
Deyarli har doim Saida oddiy soch turmagini afzal ko‘radi. Sochlar yelkasiga erkin tushadi va bo‘yanishda u tabiiylikka e’tibor beradi. Kun mavzusi nashriga ko‘ra, sizning byudjetingizdan qat’i nazar, Mirziyoyevaning ko‘rinishini takrorlashingiz oson. Xo‘sh, Mirziyoyevaning imijini, uning kiyimlarini takrorlash rostdan ham osonmi?
Keling, u ishidan foydalanadigan dizaynerlar kimligini aniqlasak. Masalan, u Florensiyada kiygan ushbu qizil libos Saadi deb nomlanuvchi atele tomonidan yaratilgan. Bu tillarang naqshlar bilan bezatilgan qora ko‘ylak ham ushbu atele tarmog‘iga tegishli. Umuman olganda, Prezidentning yordamchisi Mirziyoyeva ushbu atele tomonidan yaratilgan liboslardan ko‘p foydalanadi. Xo‘sh, ushbu atele kimga tegishli. Qizig‘i atele egasi Saida Mirziyoyevaga begona emas. U Saida Mirziyoyevaning xolavachchasi Diyora Usmonova bo‘lib, Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaning jiyanidir.
Darvoqe, milliy liboslar va do‘ppilar Mirziyoyeva imijida alohida o‘rin tutadi. U milliy liboslar uchun dizayner Iroda Agzamxo‘janing ishlaridan foydalanadi. Masalan, Mirziyoyeva Venetsiyadagi biyennalida Iroda Agzamxo‘ja va Diyora Usmonovaning hammuallifligidagi ushbu kiyimni tanlagan. Iroda Agzamxo‘ja ishidan Birinchi prezident Islom Karimovning nevaralari Iman Karimova va Maryam Tilliyayevalar ham foydalangan. Shunday qilib, ko‘rib turibsizki, Saida Mirziyoyeva asosan o‘zimizning dizaynerlar ishini afzal ko‘radi, u qaysi xorijiy brendlardan foydalanishini esa aniqlay olmadik.
Xo‘sh, endi ayting-chi, rostdan ham Prezidentning qizining ko‘rinishini takrorlash osonmi? Umuman olganda, siyosat olamidagi ayollarning qimmat va hashamdor kiyinishiga qanday qaraysiz? Izohlarda o‘z fikringizni qoldiring. QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi