Embraer 190 tashqi ta’sirga uchragan – Aliyev
Olam
−
28 dekabr 2024 8110 3 daqiqa
Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulagan Embraer 190 samolyoti Rossiya hududida tashqi ta’sirga uchragan. Bu haqda bugun, 28 dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon suhbatida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, suhbat davomida Ilhom Aliyev samolyot Rossiya havo hududida tashqi fizik va texnik ta’sirga uchragani, boshqaruvni butunlay yo‘qotib, Qozog‘istonning Aqtau shahri tomon yo‘naltirilgani va faqat uchuvchilarning jasorati hamda professionalligi tufayli favqulodda qo‘nishni amalga oshira olganini ta’kidlagan. U, shuningdek, samolyot fyuzelyajida ko‘plab teshiklar borligi, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari havo kemasi ichiga kirgan begona jismlar tufayli jarohat olgani haqida ma’lumot bergan. Ushbu holatni samolyot bortida omon qolgan yo‘lovchi va ekipaj a’zolari ham tasdiqlagan.
Suhbat davomida davlat rahbarlari ushbu fojianing barcha tafsilotlarini jiddiy va har tomonlama tekshirish, aybdorlarni javobgarlikka tortish masalalarini ham muhokama qilgan.
Ilhom Aliyev Ozarbayjon tomoni taklifiga ko‘ra, halokat sabablarini har tomonlama o‘rganish uchun xalqaro ekspertlardan iborat guruh tashkil etilganini va bu guruh allaqachon ish boshlaganini ma’lum qilgan. Davlat rahbarlari hodisa yuzasidan boshlangan tergov jarayoni mutlaqo shaffof bo‘lishi va jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilib turilishi ta’minlanishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragan edi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
Live
Barchasi