Elektrosamokat boshqarish uchun yosh toifasi va harakat tezligi belgilandi
Jamiyat
−
18 iyul
8849O‘zbekistonda elektrosamokat boshqaruvchilariga piyodalar uchun ajratilgan yo‘lkalardan soatiga 10 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlandi. Bu haqda kecha, 17 iyul kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarorida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, endilikda individual harakatlanish vositalarini (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar) boshqarayotgan shaxslar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi, piyodalar yo‘lkasi, piyoda va velosiped yo‘lkalari hamda trotuarlardan soatiga 10 kilometrdan oshmaydigan tezlikda, ular bo‘lmaganda esa yo‘l chetida soatiga 20 kilometrdan yuqori bo‘lmagan tezlikda harakatlanish kerak.
Shuningdek, ushbu turdagi harakatlanish vositalari haydovchisi turar-joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat qatnashchilariga yo‘l berishi, qat’iy ravishda yo‘nalish bo‘yicha boshqarishi kerak. Individual harakatlanish vositalarini boshqargan shaxslarning harakatlanishi piyodalarning harakatlanishi bilan birlashganda, barcha hollarda piyodalar ustunlikka ega.
Bundan tashqari, elektrosamokatlarni velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yo‘lkasi mavjud bo‘lganda yo‘lning qatnov qismida, yo‘l yoqalarida yoki qatnov qismining chetida harakatlantirish taqiqlandi. Shuningdek, ularda odam tashish, uzunligi yoki kengligi 0,5 metrdan ortiq tashqariga chiqadigan yoki boshqaruvga xalaqit beradigan yuklarni tashish taqiqlandi.
Qarorga ko‘ra, elektrosamokatlarni 14 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar boshqarishi man etildi. Turar joy dahalari, istirohat va hayvonot bog‘lari, bolalar maydonchalari, ko‘ngilochar joylarda hamda yopiq hududlarda boshqarish esa bundan mustasno.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq skuter va mopedlarda qilingan huquqbuzarlikka ma’muriy javobgarlik belgilanayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi