“Elektron poliklinika” tizimi keng joriy etiladi
Jamiyat
−
18 may 2019
5956Joriy yilning 17 may kuni parlament quyi palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Qonunchilikka sog‘liqni saqlash tizimiga innovatsion texnologiyalar joriy qilinishini rag‘batlantirishga qaratilgan qoidalarni kiritish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda deputatlar, sog‘liqni saqlash tizimining mas’ul xodimlari, vazirlik va idoralar, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish jarayonlarini rag‘batlantirish va faollashtirish maqsadida milliy qonunchilik tizimini yanada takomillashtirishga doir masalalarni muhokama qilish hamda tegishli takliflar ishlab chiqishdir.
Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlashni boshqarishning yagona tizimini yaratish, tibbiyotning xususiy sektorini rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davra suhbatida sog‘liqni saqlash sohasida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda samarali axborot kommunikatsiya texnologiyalari va zamonaviy innovatsion mexanizmlar lozim darajada qo‘llanilmasdan kelinilayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Ushbu masalalar yurtimizning uzoq va chekka hududlarida aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ular tomonidan bildirilgan fikrlarda o‘z aksini topmoqda.
Tibbiyot sohasida o‘z yechimini ko‘tayotgan dolzarb masalalardan biri — rivojlangan mamlakatlarda keng tarzda qo‘llanilayotgan telemeditsina institutini joriy etish, bunda uning huquqiy asosi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasining “Telemeditsina to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, aholiga, ayniqsa chekka qishloqlardagi fuqarolarimizga qo‘lay sharoitlarni ta’minlashda “elektron poliklinika” tizimini keng joriy etish hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari to‘g‘risida haqqoniy ma’lumotlar, ishonchli tibbiyot statistikasining yagona bazasi to‘liq shakllantirilmaganligi sog‘liqni saqlash tizimi ahvolini munosib baholash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bermayapti.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan amaldagi qonunchilikda sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilinishini rag‘batlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar ham bildirildi.
LiveBarchasi