Elektrdan tijoriy maqsadda noqonuniy foydalangan bog‘cha aniqlandi

3-sahifa

image

Elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, qariyb 300 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Xonqa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tumandagi maktabgacha ta’lim muassasasi hamda “X.D” MCHJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.

Ular muassasa binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, jami 180,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Fuqarolar F.A. va A.X. “Chorsu” MFY hududidagi ko‘chma savdo do‘konida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 105,1 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘zlashtirgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 797 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing