Elektrdan qurilishgacha. Prezident tizimlardagi bir qator noqulayliklarni sanadi
Jamiyat
−
04 avgust 2022
5629Barcha vazirliklar ish uslubini o‘zgartirib, odamlarga xizmat sifatini oshirishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ta’kidladi.
Mirziyoyevga ko‘ra, bu borada litsenziya berish, oliygohlarga hujjat topshirish, kadastr hujjati, tug‘ilganlik guvohnomasi va xorijga chiqish pasportini olish, to‘lov tizimlari bo‘yicha aholiga qulayliklar yaratilgan. Lekin, hali yana ko‘p sohalarda qulayliklar yaratish lozim.
Prezidentning ta’kidlashicha, subsidiyalar uchun aholi va tadbirkorlar o‘rtacha 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi kerak. Elektr tarmoqlariga ulanishda ham ortiqcha xarajat va byurokratiya ko‘p. Tibbiyotda qaysi xizmat bepul yoki pulli bo‘lishi, davlatdan beriladigan dorilarning hisob-kitobi va egasiga yetib borishi, ko‘p tumanlarda hali yechimini topgani yo‘q. Qurilish, transport, kommunal xo‘jaligi, standart, karantin idoralarida ham aholi va tadbirkorlarning ishi bitishi qiyin bo‘lgan jarayonlar juda ko‘p.
Shuning uchun, Prezident Bosh vazir oldiga bir oy muddatda:
• har bir vazirlik va hokimlikda aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tushunarli va qulay shaklga keltirish;
• ortiqcha xarajatlar va hujjatlarni qisqartirish;
• aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatadigan sharoitlarni yaratish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash vazifasini qo‘ydi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, mahallada bog‘cha, maktab, yo‘l qurish, suv va elektr tarmoqlarini tortib kelish ishlarida aholi faol ishtirok etadigan tizimlar yaratilgan. “Ochiq byudjet” doirasida o‘tgan 6 oyda aholi talabiga mos 2 mingdan ziyod ana shunday loyihalar boshlandi. Ularga 1,1 trillion so‘m yo‘naltirildi. Keyingi olti oyda bunday loyihalar uchun yana 1 trillion so‘m ajratish mo‘ljallangan.
“Eng muhimi, odamlar bunday loyihalarga o‘zlarini daxldor bilib, bunyod qilingan infratuzilmadan asrab-avaylab foydalanyapti”, deydi Prezident.
Mutasaddilarga aholi bilan bamaslahat qilinadigan loyihalar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
LiveBarchasi