Elektrdan qarzdorlikni qicqartirish evaziga pora olgan montyorlar ushlandi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
7481Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tuman ETK texnigi va elektr ta’minoti guruh elektromontyori pora bilan ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yangiyo‘l tuman ETK texnigi O.T. va elektr ta’minoti guruh elektromontyori A.B. 10 million so‘m pora bilan qo‘lga olingan.
Aniqlik kiritilishicha, O.T. va A.B. “M.U.” fermer xo‘jaligi rahbari A.U.ning ishonchiga kirib, fermer xo‘jaligi suv nasosini elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi holati yuzasidan tuzilgan dalolatnomani 12 million so‘m evaziga yo‘q qilib berishni va’da qilgan. "Uddaburonlar" talab qilingan pulning 10 million so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departament hamda DXXning Samarqand tumani bo‘lim xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman ETK texnigi O.T. fuqaro T.V.ning xonadonida o‘rnatilgan elektr hisoblagich ro‘yxatdan o‘tmagani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani hamda elektr ta’minotidan 6,1 million so‘mlik qarzdorligini yo‘q qilib, yangi hisoblagich o‘rnatib berishi evaziga 5 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand viloyati Urgut tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman ETK korxonasi muhandisi A.N. va fuqaro Z.J. tadbirkor A.A. ning ishonchiga kirib, umumiy ovqatlanish shoxobchasining elektr ta’minotidan 35,9 mln so‘m qarzdorligini kamaytirib berish evaziga 15 mln so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
LiveBarchasi