Elektr va gazdan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar berganlar mukofotlanishi mumkin
Jamiyat
−
13 iyul 2023
3569O‘zbekistonda elektr va gazdan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar berganlar mukofotlanadi. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasining “Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash haqida“gi qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga qo‘yildi.
Ushbu qaror loyihasi Prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona foydalanishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, jamiyatda bu kabi huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgani qayd etilgan.
Keltirilishicha, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanishni nazorat qilish, shuningdek, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish, ulardan oqilona foydalanishga nisbatan beparvo munosabatda bo‘lishni oldini olish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga qaratilgan “Energonazorat” platformasi ishlab chiqiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan boshlab:
• jismoniy shaxslarning videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari (keyingi o‘rinlarda – videotexnika vositalari) orqali qayd etilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar (keyingi o‘rinlarda – huquqbuzarliklar) O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
• huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha bo‘lgan miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Jismoniy shaxslarning videotexnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha huquqbuzarlardan undirilgan jarimalar quyidagilarga yo‘naltiriladi:
• Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hisobvarag‘iga undirilgan summaning 50 foizi;
• tegishliligi bo‘yicha elektr va issiqlik energiyasi hamda tabiiy gaz ta’minoti korxonalari hisobvaraqlariga undirilgan summaning 50 foizi;
Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
LiveBarchasi