Elektr ta’minoti korxonasi asossiz hisoblagan 90 mln so‘mga yaqin qarzdorlik bekor qilindi
Jamiyat
−
11 Sentabr
1953Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan korxonalar murojaat qilib, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanganini bildirgan. Ushbu murojaatlar o‘rganilganda elektr ta’minoti korxonasi 90 million so‘mga yaqin miqdorda asossiz qarzdorlik hisoblagani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududiy boshqarma masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Kriogen-servis” MCHJga hisoblangan 93 035 577 so‘m va “Bistro Lazzat” OKga qo‘yilgan 3 180 267 so‘m miqdoridagi qarzdorlikni qayta hisob-kitoblar orqali o‘rganib chiqqan.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, o‘rganishlarda mazkur xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan foydalangan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida to‘lov qilib borilgani, ammo ularga nisbatan tariflarni asossiz oshirilgan holda “Kriogen-servis” MCHJga 86 300 129.5 so‘m va “Bistro Lazzat” OKga 3 180 267 so‘m qarzdorlik ortiqcha hisoblangani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasi 1-qismi talablari buzilishi bilan ustun mavqega ega bo‘lgan tabiiy monopoliya sub’ekti hisoblanuvchi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo filiali Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ustun mavqeni suiiste’mol qilish holatlari sodir etilganligi aniqlangan.
Ushbu holat “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo filiali Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, jami hisobda 90 mln so‘mga yaqin asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 4 mlrd 173 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik bekor qilingan edi.
LiveBarchasi