Elchixonamizga hujum avvaldan uyushtirilgan va bunda politsiyaning qo‘li bor – Rasmiy Baku

Olam

image

Eron diplomatik politsiyasining Ozarbayjon elchixonasiga qilingan hujum faktiga aralashmagani shubhalarni kuchaytirmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda Ozarbayjonning Erondagi elchixonasida sodir etilgan terakt tafsilotlariga bag‘ishlangan brifingda ma’lum qildi. 

“Erondagi elchixonamizga qurolli hujum uyushtirgan terrorchi hibsga olinganda unga jinoyatchi sifatida munosabat bildirilmagan. Eron politsiyasi hujumning oldini olishga harakat qilmagani voqea oldindan rejalashtirilganidan dalolat beradi”, deydi u. 

Tashqi ishlar vazirligi vakili so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarda hujum xronologiyasiga oid bir qator noto‘g‘ri fikrlarga yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidladi. 

“Asosiy sabab – video kadrlar vaqtini belgilashdagi xatolar. Shu munosabat bilan elchixonaning ko‘chaga qaragan kameralari 24 daqiqa oldin ko‘rsatilayotganini xabar qilamiz. Bu farq ba’zi texnik omillarga bog‘liq. Elchixona ichidagi va tashqarisidagi kameralarda vaqt farqi bor. Bu vaqt farqi 24 daqiqa”, deydi u.

TIV vakili terrorchining elchixonaga hujum qilish uchun juma kunini tanlaganiga e’tibor qaratib, shunday dedi: 

“Eronda dam olish kuni. Hujumning oldini olishi mumkin bo‘lgan har qanday vaziyatni minimallashtirish uchun uning voqea joyiga avtomat, o‘q-dorilar bilan to‘la o‘qdoni, to‘pponcha,  shuningdek, molotov kokteyli va boshqa o‘t qo‘yuvchi moddalarni olib kelgani, hodisaning rejalashtirilganidan dalolat beradi”. 

U, shuningdek, OAVda jinoyatchi go‘yoki ikki yosh bolasi bilan elchixonaga kelgani haqida xabarlar tarqalgani, biroq videodan bu rejalashtirilgan terakt ekani ko‘rinib turganini ta’kidlagan. 

Uning aytishicha, aytilgan gaplar asosga ega emas: 

“Biz Erondan bu terrorchilarni jazolashni talab qildik. Ammo Eron hozircha aniq javob bermadi”. 

Oyxon Hojizodaning ta’kidlashicha, kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, hujum qilgan shaxs ruhiy nosog‘lom emas:  

“Buni voqeadan keyin davlat televideniyesiga bergan intervyusidan ham ko‘rish mumkin”. 

Tashqi ishlar vazirligi vakili bu borada aytilgan bayonotlar asossiz ekanini urg‘uladi. 

Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon elchixonasiga hujum qilgan shaxs avvalroq qanday faoliyat bilan shug‘ullangani, uning biror tashkilot a’zosi bo‘lgan-bo‘lmagani haqida Eron tomonidan rasmiy ma’lumot olinmagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha dalillar voqea sahnalashtirilganidan dalolat beradi. 

Tashqi ishlar vazirligi voizi Eron tomoni Ozarbayjon elchixonasiga uyushtirilgan hujum yuzasidan chora ko‘rmasa, qanday qadamlar qo‘yilishi haqida hech qanday ma’lumot bera olmasligini qayd etdi. Unga ko‘ra, bu rahbariyatning qaroriga bog‘liq bo‘ladi. 

“Eron politsiyasining voqeadan keyingi qadamlari shuni ko‘rsatadiki, ayni damda Eron tomoni samarali choralar ko‘rish niyatida emas”, deydi Hojizoda. 

Uning ta’kidlashicha, o‘zaro anglashuv memorandumi mavjud bo‘lishiga qaramay, Eron tomoni bilan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasida hech qanday taraqqiyot yo‘q.  

“Albatta, ikki tomonlama munosabatlarda bu salbiy soyalarning mavjudligi boshqa sohalarga, jumladan, transport va iqtisodiy masalalarga ham ta’sir qiladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni soat 08:30 da Tehronda Ozarbayjon elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi. Hujum qilgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qurollangan. Hodisa oqibatida xavfsizlik xizmati boshlig‘i halok bo‘ldi, uning ikki hamkasbi yaralandi. Ikkinchisining holati qoniqarli deb baholanmoqda. Eron politsiyasi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumda gumonlanuvchining hibsga olingani haqida xabar berdi. 

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev elchixonaga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralab, uni terrorchilik harakati deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing