Eksport qiluvchilarga 50 foizgacha kompensatsiya beriladi – Prezident farmoni

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi bosqichida eksport hajmlarini ko‘paytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tayyor mahsulot yetkazib beruvchilarni qo‘shimcha moliyaviy va tashkiliy rag‘batlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga, shu jumladan, asosiy faoliyat turi savdo-vositachilik bo‘lgan eksport qiluvchilarga:

a) eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banki tomonidan belgilangan kredit foiz stavkasi va miqdoridan qat’i nazar:

milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 10 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 5 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etadi;

b) tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lari uchun beriladigan kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi;

v) ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lsa, avval olgan kreditlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lishidan qat’i nazar, eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha olinadigan kreditlari bo‘yicha mazkur bandda belgilangan miqdorlar va shartlarda kompensatsiya va (yoki) kafilliklar taqdim etadi;

g) taqdim etiladigan kafilliklar bo‘yicha komissiya to‘lovlarini ikki baravarga kamaytirilgan miqdorda undiradi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 maydagi PQ–4337-son “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilsin.

2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar ajratish;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkillashtirish.

3. Agentlikka yuklanayotgan qo‘shimcha vazifalarni amalga oshirish uchun uning huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda resurs bazasi quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladigan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin:

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan 100 million AQSH dollari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalarining qarzlari;

Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bir oy muddatda mazkur Farmonning 3-bandida nazarda tutilgan 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ning 50 foizini boshlang‘ich kapitalni shakllantirish uchun Jamg‘armaga ajratilishini ta’minlasin.

5. Belgilansinki:

ushbu Farmonda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 noyabrdagi PF–5587-son Farmoni bilan tasdiqlangan ro‘yxatdagi xomashyo tovarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;

Agentlik tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun bir martalik moliyaviy resurslar 1 million AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda hamda bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;

Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditni to‘liq so‘ndirmagan eksport qiluvchi uchun bunday moliyaviy resurslar ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi;

tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari Agentlik tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan moliyalashtirilganda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiyalar taqdim etilmaydi.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi har chorakda Agentlik hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan eksportni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, eksport qiluvchilarning tashqi savdo operatsiyalarini moliyalashtirishning diversifikatsiyalangan vositalari to‘plamining uch oy muddatda ishlab chiqilishi va tijorat banklari amaliyotiga joriy etilishini ta’minlasin.

8. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.U.Umurzakov) bir oy muddatda Agentlik tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar taqdim etish tartibini tasdiqlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 21 oktyabr


Maqola muallifi

Teglar

eksport

Baholaganlar

11

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing