Eksport qilishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash bekor qilindi
Jamiyat
−
13:56 669 2 daqiqa
O‘zbekistonda davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtirilib, bojxona orqali import-eksport jarayonlarini amalga oshirishda bir qancha talablar bekor qilinadi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 27 avgust kuni qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 174-sonli farmonida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi tasdiqlangan hamda quyidagilar strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan:
- bojxona jarayonlarida tadbirkorlik sub’ektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
- bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
- bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
Shuningdek, 2026 yil 1 sentyabrdan tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi va tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash bekor qilinadi.
Shu bilan birga, joriy yil 1 sentyabridan tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish talablari ham bekor qilinadi.
Shu qatorda, joriy oy boshidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish ham shart bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 avgust kuni Prezidentning Xivada bo‘lib o‘ttgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida O‘zbekistonda biznes bilan bog‘liq barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytirilishi aytilgandi.
Live
Barchasi