Ekoqo‘mita raisining 4 ta xizmat mashinasi bormi? Idora avtomobillar soniga aniqlik kiritdi
Jamiyat
−
15 avgust 2022
17594Ijtimoy tarmoqlarda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovning bir emas, to‘rtta – Mercedes Benz, Toyota 200, E-bora va Volkswagen ID-6 xizmat avtomobili borligi haqdi xabarlar tarqaldi.
Ekoqo‘mita Matbuot xizmati holatga munosabat bildirib, idora raisi to‘rt emas, ikkita avtomobildan foydalanishini ma’lum qildi.
“Qo‘mita rahbariyati xizmat avtomashinalaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalarga asosan foydalanib kelmoqda. Qo‘mita raisiga 1 ta Mercedes Benz avtotransport vositasi biriktirilgan. Shuningdek, zarur hollarda xizmat vazifasini o‘tash davomida olis va chekka hududlarga xizmat safari vaqtida yoqilg‘i xarajatlarini tejash maqsadida texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan xarid qilingan navbatchi elektromobil ishlatilishi mumkin”, deyiladi qo‘mita munosabatida.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida qo‘mitaning barcha hududiy bo‘linmalari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarining olis va chekka hududlarida joylashgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida 40 dan ortiq avtotransport vositalari (“Niva”, elektromobil, Damas) xorijiy hamkorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan xarid qilingan. Avtomobillar xaridi uchun byudjet mablag‘lari umuman sarf qilinmagan.
“Fursatdan foydalanib, Davlat ekologiya qo‘mitasi shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on, asoslanmagan axborotni tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tegishli javobgarlik normalari belgilanganligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi idora rasmiy bayonotida.
LiveBarchasi