Egilmayotgan Erdo‘g‘an yoxud zilzila uning “kreslo”sini ham qimirlatdimi?

Tahlil

image

Turkiyada saylovlar qoldirilishi bilan bog‘liq mish-mishlar hali ham davom etmoqda. Ba’zi siyosatchilar nima bo‘lishiga qaramay, saylovlarni vaqtida o‘tkazish keraligini ta’kidlasa, boshqalari avval ovoz beruvchi fuqarolarni qutqarish zarurligini aytmoqda. 2022 yilda Adliya vaziri Bakir Bo‘zdog‘ prezidentlik va parlament saylovlari 2023 yilning 18 iyun kuni bo‘lib o‘tishini aytgan edi. Biroq ekspertlar saylovlar ertaroq o‘tkazilishini yoqlab chiqdi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘zi esa, saylovni 14 may kuni o‘tkazishni taklif qildi. 

Erdo‘g‘an va uning nolga tenglashayotgan boshqaruv davri

Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda saylov sanasini parlament belgilaydi. Agar deputatlar rozi bo‘lmasa, uni Prezident Farmoni bilan belgilash mumkin. Aslini olganda, saylovlarning muddatidan oldin o‘tkazilishi Erdo‘g‘an boshchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi uchun foydali bo‘ladi. Chunki bu orqali muxolifatga saylovchilarni safarbar qilish uchun kamroq vaqt qoladi.

Agar Erdo‘g‘an g‘alaba qozonsa, uchinchi marta mamlakatning yuqori lavozimini egallaydi. 

Turkiyada 2014 yildan beri Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadi. Uning vakolat muddati 5 yil, bir kishi bu lovozimni ikki muddat, ya’ni 10 yildan ortiq egallashi mumkin emas. Biroq 2017 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish tufayli Erdo‘g‘an qayta saylanishi mumkin, bunda uning avvalgi rahbarlik davri nolga tenlashadi.

Zilzilada Erdo‘g‘anning aybi nima? 

Zilzila oqibatida millionlab kambag‘al oilalar  yashash uchun kurashayotgan bir vaqtda inflyatsiyani boshqarish bilan bog‘liq muammolarning ko‘pligi davlat rahbariga bo‘lgan ishonchning darz ketishiga sabab bo‘lmoqda. Muxolifat Erdo‘g‘anni yillar davomida mamlakatni zilzilaga tayyorlamaganlikda ayblamoqda. Ularning aytishicha, zilzilaning bu darajada halokatli tus olishining asosiy sabablari qurilish me’yorlariga bo‘lgan e’tiborning sustligi, yillar davomida saqlanib kelayotgan inshootlarning zilzilaga chidamlilik darajasi tekshirilmagani, haddan tashqari eski binolarning ko‘pligidir. 

Ha, Hukumat ushbu favqulodda holatda qo‘lidan kelgan ishni qilmoqda. Dunyoga yordam uchun eshiklarini ochdi. 10 hududda 90 kunlik favqulodda holat e’lon qilindi. 70 dan ortiq mamlakat qidiruv-qutqaruv, tibbiy guruhlarini, shuningdek, gumanitar yordamlar yubordi. Qolaversa, Hukumatning barcha darajadagi idoralari zilzila talafotlarini bartaraf qilishga yo‘naltirildi. Zilzilada jabrlanganlar chodirlarga yoki Antaliya, Alanya va Mersindagi mehmonxonalarga joylashtirildi. 

Hukumat ko‘rayotgan chora-tadbirlarga qaramay, odamlar orasida ochlik, boshpanasizlik va vayronalar otsidan yaqinlarini olib chiqilmayotgani, yordam guruhlari ayrim hududlarga umuman yetib kelmagani haqida e’tirozlar paydo bo‘lmoqda. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim tasvirlarda odamlarning sovuq sharoitda yordam kutib yotgani, o‘z qo‘llari bilan vayronalarni qazishga urinayotgani, yaqinlarini qayerga ko‘mishni bilmay sarson yurganini ko‘rish mumkin. Dastlabki soatlarda fuqarolar qutqaruvchilarning vaqtida yetib kelmagani, yetib kelganlarning qo‘llarida esa qurol-aslahasi ham yo‘qligidan norozi bo‘ldi.

“Zilzilaning ikkinchi kuni soat 14:00 ga qadar hech kimni ko‘rmadim. Na hukumat, na davlat, na politsiya va na askarlar. Uyat sizga!”, deydi Adiyamanda yashovchi Mehmet Yildirim “Al-Monitor” nashriga bergan intervyusida.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, zizila hududida joylashgan 47 000 binodagi 211 000 uy vayron bo‘lgan. Binolar jiddiy zarar ko‘rgani sabab zudlik bilan ularni buzish buyurilgan. Zilzilaning ilk kunidan to bugunga qadar zararni baholash tadqiqotlari yakunlansa, aniq raqamlar oshkor bo‘ladi.  

“Blue Bay” ko‘chmas mulk agentligining aktivlarni boshqarish bo‘yicha tahlilchisi Timoti Yesh, “Zilziladan so‘ng vaziyatni bartaraf etishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan nomzodning saylovlarda yutib chiqish ehtimoli katta” ekanini aytdi. 1999 yilda Edo‘g‘an huddi shunday yo‘l tutgan edi. 

1999 yil Izmit fojiasi

1999 yil 17 avgustda sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali Izmit zilzilasi mamlakat tarixida juda katta talafotlar olib kelgan fojia sifatida yodga olinadi. Uning oqibatida 17 000 dan ortiq inson qurbon bo‘lgan, 50 000 dan ortiq odam jarohatlangan. Yer qimirlashi binolar, yo‘llar va infratuzilmaga ham katta zarar yetkazgan. Tabiiy ofat tufayli yuz minglab odamlar boshpanasiz qolgan. 

Ushbu zilzila mamlakat kapitalining iqtisodiy tanazzulga yuz tutgan paytida sodir bo‘lgan. Matbuot hukumatni favqulodda vaziyatlarga yomon munosabatda bo‘lganlikda ayblagan. Zilzilani oldini olishning iloji bo‘lmasa-da, tabiiy ofatning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha dastlabki soatlarda adekvat choralar ko‘rilmagani uchun qurbonlar soni ortib borgan. O‘sha yillarda hukumatni boshqargan Bosh vazir Bulent Ejevit bu voqeadan so‘ng vayronagarchilik ko‘lamini ko‘rib “shok” holatiga tushib qolgan.  

Bülent Ecevit'in 1999 Marmara Deprem Bölgesine Ancak 3 Gün Sonra  Gidebildiği İddiası - Malumatfuruş

“U vayrona yuz bergan hududni ko‘zdan kechirish uchun zudlik bilan vertolyotga chiqib, qo‘l ostidagilarini xalqga yordam berishga safarbar etishning o‘rniga, kunlar davomida faqat holat uning nazorati ostida ekanligini va tashvishlanishga asos yo‘qligini aytish bilan mashg‘ul bo‘lgan”, deydi “The New York Times” jurnalisti Stivin Kinzer. 

Hukumat raisi Ejevit talafot ko‘rgan hududga minglab askar yuborishi mumkin bo‘lgan armiya harbiylarining yordamidan ham foydalanmagan. Turkiya zilzilalar tez-tez kuzatilib turadigan seysmologik hudud bo‘lsa ham, hukumat uni bartaraf etish ishlarini avvaldan rejalashtirmagan. Oqibatda odamlarni qutqarib olish, uy bilan ta’minlash, o‘liklarni ko‘mish bilan bog‘liq muammolar qalashib ketgan.

Fojia shuhrat keltirgan Erdo‘g‘an

Izmit zilzilasida Hukumat bor haqiqatni xalqdan yashirdi. Hatto, o‘sha vaqtdagi Prezident Sulaymon Demirel chiqishlaridan birida “Afsuski, o‘lim sonini aniq bilmaymiz”, degan. Zilzila va uning oqibatlarini bartaraf eta olmaslik, o‘lim soni keskin ortib ketishi, o‘liklar bir necha kungacha qolib ketib, chirishi xalqning davlat va amaldorlarga nisbatan ishonchsizligini oshirdi.

Ayni vaqtda odamlar Istanbulning sobiq hokimi, qamalib chiqqan Erdo‘g‘anga juda ishonar, uning Istanbulda infratuzilma bo‘yicha islohotlarini bilar, degizni axlatlardan tozalash, chiqindilarga to‘lgan shaharni obod qilish, ko‘priklar va yo‘llar qurish, aholini ichimlik suvi va elektr energiyasi, shuningdek, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatli faoliyatidan xabardor edi. Odamlar Erdo‘g‘anga xaloskordek qaradi. 2001 yilga kelib, Erdo‘g‘an “Adolat va taraqqiyot” partiyasini tuzdi va endi Istanbulda orttirgan tajribasini butun mamlakat bo‘ylab qo‘llay boshladi. 

Zilzila solig‘i qani? 

1999 yilgi Izmit zilzilasidan so‘ng shu yilning noyabr oyida mamlakatda “zilzila solig‘i”              (aloqa solig‘i) joriy etildi. Dastlab vaqinchalik amal qilinishi rejalashtirilgan “zilzila solig‘i” keyinchalik doimiy soliq turi sifatida qabul qilindi. Avvaliga undan keluvchi daromad kabel televideniyesi, mobil qo‘ng‘iroqlar va xabarlar uchun safarbar etilgan bo‘lsa, keyinroq transport vositalari, ko‘chmas mulk, xususiy a’loqa va xususiy bitimlar, qishloq xo‘jaligi loyihalariga ham ishlatila boshlandi. 

Xo‘sh, hozir bu pullar qayerda?  Soliqdan yig‘ilgan pullar evaziga qancha uy qurish mumkin edi? 

G‘aznachilik va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan ko‘rsatkichlarda har yili qancha “aloqa solig‘i” undirilishini kuzatish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2000-2022 yillar mobaynida jami 87 milliard 998 million lira (38 milliard 277 million AQSH dollar) zilzila solig‘i yig‘ildi. Erdo‘g‘an hukmronligi davri (2003-2022 yillar) oralig‘idagi soliqning umumiy miqdori esa 86 milliard 138 million lira (36,5 milliard AQSH dollar)ni tashkil etdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, soliqning miqdori yildan-yil ortib borgan. 

“Zilila solig‘i”ning yillik yig‘imi:

  • 2003 yilda – 1048 ming turk lirasi;
  • 2006 yilda – 3 577 724 ming turk lirasi;
  • 2008 yilda – 4 550 775 ming turk lirasi;
  • 2021 yilda – 6 618 120 ming turk lirasi;
  • 2022 yilning birinchi 10 oyi uchun – 7 405 771 ming turk lirasi. 

2022 yilda Turkiya parlamenti a’zolari Atrof-muhit va shaharsozlik vazirligiga zilzilalardan binolarni mustahkamlash uchun byudjetdan qancha pul olishlari haqida rasmiy so‘rov yubordi. 2021 yildagi ma’lumotlarga asosan “zilzila solig‘i”ning umumiy 6,6 milliard lirani tashkil etgan byudjetdan atigi 800 million lira binolarni mustahkamlashga sarflangan. Turkiyaning sobiq Moliya vaziri Mehmet Shimshek 2011 yilda yig‘ilgan “zilzila solig‘i” markaziy byudjetga o‘tkazilib, u yerdan turli yo‘llar bilan boshqa sohalar, jumladan, yo‘l qurilishi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga sarf qilinayotganini aytdi.

Biroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an “zilzila solig‘i” haqida og‘iz ochgani yo‘q. Faqat mamlakatlardan yordam kutish evaziga va’dalar berayotgan davlat rahbari ommaga ta’sirli chiqishlar qilyapti, hududlarga boryapti, rafiqasi bilan shifoxonalarda bo‘lyapti va zilzila vayronalari ostidan omon chiqqanlar bilan telefonda gaplashyapti. Muxolifatning ayblovlariga jim qarab turmaydigan Erdo‘g‘an, bu safar soliq bo‘yicha so‘rovlarga miq etayotgani yo‘q. 

Qulagan uylarning Erdo‘g‘anga aloqasi yo‘q...mi?

Zilziladan bir necha soat o‘tib Anqaradagi matbuot anjumanida Rajab Toyib Erdo‘g‘an bayonot berishni boshladi va uch kun davomida xalqga murojaat qilishda davom etdi. 

Prezident zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Hataydagi hukumat kamchiliklarini tan olib, “bunday falokatga tayyor bo‘lmaganini” aytdi. Boshqa tomondan davlat rahbarining keyingi kunlardagi chiqishi va Hukumat telekanallarida berilayotgan axborotlar e’tiborni tortadi. Ularda aytilishicha, 10 viloyatda vayron bo‘lgan uylarning hech biri Erdo‘g‘an hukumati davrida qurilmagan, ular ancha eski. Qolaversa, davlat tomonidan qurilgan birorta uyga zarar yetmagan. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an “2022 yilning 6 fevralidagi zilizila mamlakat tarixidagi eng kuchli yer qimirlashidir”, deya fojiaga munosabat bildirmoqda. Uning ta’kidlashicha, odamlarni vayronalardan tezroq olib ketishda qishning sovuq havosi va evakuatsiya bilan bog‘liq qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Prezident saylov oldidan iqtisodni jonlantirish uchun sarf-xarajatlarga e’tibor qaratib, 2,3 million ishchi uchun erta pensiya takliflari, subsidiyalar, kam ta’minlangan oilalar uchun yarim million uy qurib berilishini aytdi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Edo‘g‘anning hozirgi vaziyatdagi statusi yuqori bo‘lmasada, saylov oldidan vaziyatni o‘zgartirish imkoni qo‘ldan boy berilgani yo‘q. Buni o‘zi ham yaxshi bilgan Prezident shunday dedi:    

“Vayron bo‘lgan binolardan oxirgi tirik odamni olib chiqmagunimizcha ishimizni davom ettiramiz. Qidiruv-qutqaruv guruhlari tomonidan qutqarilgan va turli manzillarga kuzatilgan 108 ming yaradorimizga Yaratgandan tezroq shifo so‘rayman”, deydi amaldagi Prezident o‘zining so‘nggi chiqishlaridan birida. 

Joriy yilning 14 fevralidagi chiqishida Rajab Toyib Erdo‘g‘an mart oyining boshlarida yana 30 ta uy qurilishini reja qilayotganligini aytib, zilzila hududidagi fuqarolaridan yana bir yil sabr qilishlarini so‘radi:

“Biz hech bir fuqaromizni moddiy va ma’naviy jihatdan qarovsiz qoldirmaymiz, yordam va boshpana berilishini tartibli davom etishini ta’minlaymiz”.

Davlat rahbari yashash uchun yaroqsiz holga kelgan har bir xonadon egasiga 15 ming liradan yordam puli, 2 mingdan 5 ming liragacha ijara yordami hamda har bir xonadonga 10 ming liradan ko‘chirish yordami ko‘rsatishga va’da berdi. Shuningdek, zilzila oqibatida halok bo‘lgan fuqarolarning yaqinlariga 100 ming lira naqd pul xayriya qilinishini qo‘shimcha qildi. Mamlakatdagi barcha davlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati yozgacha to‘xtatilib, masofaviy ta’lim shakliga o‘tildi va bo‘shagan binolar, yotoqxonalarga zilziladan jabrlanganlar joylashtirilishi boshlandi.

Erdo‘g‘an boshchiligidagi iqtisodiy inqiroz

Yetarlicha aqlli va tajribali siyosatchi Erdo‘g‘an ushbu vaziyatda hech qanday mablag‘ni ayamasdan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, xalqqa uning “otasi” kim ekanlini ko‘rsatish bilan mashg‘ul. Biroq hozirda Turkiya bunday harakatlar davomiyligi uchun yetarli mablag‘ga ega buyuk davlat emas. 

Tahlilchilarga ko‘ra, Erdo‘g‘an va uning hukumron partiyasi mamlakat tepasiga kelganidan beri Turkiya eng yomon iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Inflyatsiya darajasi yiliga 80 foizdan oshdi, 2022 yili lira dollarga nisbatan 30 foizga tushdi. 

“Bloomberg” mamlakat tadbirkorlar konfederatsiyasi va respublikadagi ishbilarmon doiralar vakillarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Turkiyadagi zilzilalar oqibatida mamlakat iqtisodiyotiga 84 milliard dollardan ortiq zarar yetdi.

Siyosiy jarayonlarda ikki holat kuzatilishi mumkin. Bir tomondan Turkiya rahbari sodir bo‘lgan zilziladan siyosiy ball to‘plab, umumiy qayg‘u atrofida birlashish zarurligini ko‘rsatib, xalq qutqaruvchisiga aylanadi. Boshqa tomondan, Erdo‘g‘an halokatli inflyatsiya va turk lirasining dollarga nisbatan qulashi fonida o‘zi va “Adolat va taraqqiyot partiyasi”ning prinsiplari tugatilishiga majbur bo‘ladi. 

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, endilikda muxolifat Erdo‘g‘anning xatolarini topishga harakat qiladi. Vayron bo‘lgan uylar qurilishi bo‘yicha tekshiruvlar boshlanadi, ular qanday kompaniyalar, qanday pudratchilar tomonidan qurilgani va ularga kimlar sheriklik qilgani o‘rganib chiqiladi. Vaziyatning bunday tus olishini kutib turgan prezidentlikka yetakchi nomzodlardan biri Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘zining Twitter sahifasida shunday dedi: 

“Agar mamlakat yo‘qotishlariga bir shaxs javobgar bo‘lsa, u Erdo‘g‘andir”. 

Bu yozuvdan keyin uning ijtimoiy tarmoqga kirishi taqiqlandi.

Biroq, Erdo‘g‘an ham xuddi shunday ish qila oladi, barcha aybni 1999 yillar rahbariyatiga yuklaydi.  Misol uchun, oxirgi chiqishlaridan birida davlat rahbari falokatda vayron bo‘lgan binolarning 98 foizi 1999 yilgacha qurilgani, undagi kamchiliklar o‘sha yildagi ma’yoriy talablardan kelib chiqqani haqida aytib o‘tdi. Izmit zilzilasida falokat oqibatlaridan falaj bo‘lgan o‘sha paytdagi Bosh vazir Bulet Ejevit yetarlicha kuchlarni safarbar eta olmagani uchun qoralangan edi. Erdo‘g‘an bunday vaziyatni oldini olish uchun xalqaro yordam so‘rab murojat qildi.  U Turkiyaning yaqin tarixidan saboq olganmi-yo‘qmi, mamlakatni qanday boshqara olishini muxolifat uchun saylovlargacha ko‘rsata olishi kerak. 

Ma’lumot uchun, kelgusidagi saylovlarda ikki koalitsiya – Erdo‘g‘an va muxolifat to‘qnash kelishi kutilmoqda. Raqobat shiddatli va tahlikali bo‘ladi. Xususan, o‘tgan yil oxirida Prezidentning asosiy raqiblaridan biri, Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 2019 yilda saylovda Markaziy saylov komissiyasi a’zolarini haqorat qilgani ortidan sud uni ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror chiqardi, ammo qaror hozircha kuchga kirgani yo‘q. Ayni vaqtda mamlakatda siyosiy kurash avj olib bormoqda.

Umida Muxtorbekova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiyadagi zilzila Izmit zilzilasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing