Yog‘, go‘sht va kartoshka importi uchun berilgan QQS imtiyozi uzaytiriladi

Jamiyat

image

O‘simlik yog‘i, go‘sht va kartoshka mahsulotlari importi hamda realizatsiyasi uchun qo‘shimcha qiymat solig‘idan (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytirilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish hamda o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarni QQSdan ozod qilishga oid amaldagi imtiyozlar muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytiriladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan 2022 yil 31 dekabrga qadar go‘sht (mol, qo‘y), tirik hayvonlar (mol, qo‘y) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, shuningdek kartoshkani O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda ularni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalarni QQSdan ozod qilish taklif etilmoqda. 

Jahon Banki ekspertlari fikricha, Ukrainadagi vaziyat tufayli butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari oxirgi 50 yilda kuzatilmagan rekord darajada oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, o‘simlik yog‘iga bo‘lgan global talabni 60 foiz Ukraina va Rossiya eksporti hisobiga qondirilishi hisobga olinsa, dunyo bozordarida o‘simlik yog‘i narxlari yil davomida kamida 30 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. 

“Tabiiyki, bunday holatda o‘simlik yog‘i, shuningdek go‘sht va kartoshka mahsulotlari importiga nisbatan QQS imtiyozlari berilishi aholimizni asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish hamda ushbu mahsulotlar narxlarini bozorlarda barqaror saqlashga xizmat qiladi”, deydi G‘aniyev.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ertaga, 29 aprel kuni o‘tkaziladigan yalpi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilingan taqdirda, Senatning navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun yuborilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

QQS

Baholaganlar

57

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing