Ozodbek Nazarbekovning ilk videoselektorida nimalar muhokama qilindi?
Madaniyat-san’at
−
29 yanvar 2020
13336Bugun, 28 yanvar kuni Madaniyat vazirligida shahar va viloyat boshqarmalari, tizimning barcha xodimlari qatnashgan videoselektor bo‘lib o‘tdi. Unda madaniy meros ob’ektlari faoliyatini rivojlantirish, tarixiy inshootlarni, ularning turistik salohiyatini chuqur o‘rganib, turizm marshrutiga kiritish bo‘yicha takliflar berish masalasi muhokama etildi.
Shuningdek, sohadagi muammolar, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar bildirildi. Maqom san’atini rivojlantirish, turli tanlovlar tashkil qilish, baxshichilik san’atini yuksaltirish bo‘yicha fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Madaniyat vaziri vazifasida ish boshlagan Ozodbek Nazarbekov vazirlik tizimini butkul isloh qilish bo‘yicha o‘z fikr va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlari haqida ham alohida to‘xtaldi.
"Videoselektordan asosiy xulosangiz adolat bo‘lsin. Madaniyat tizimida korrupsiya urchib ketgan, hamma o‘z etagini yig‘ishtirib olsin. Avvalo, shu sohani korrupsiyadan tozalashimiz lozim. Madaniyat vazirligidan to eng quyi tizimgacha adolat o‘rnatiladi. Kim menga do‘st bo‘lsa, men tomonda tursin, yoki u menga dushman bo‘ladi. Prezident menga ishondi, adolat o‘rnatadi, deb ishondi. Bu yog‘iga adolat to‘nini kiyib, ma’rifat qilichini baland ko‘tarib tizimni tozalaymiz. Korrupsiyaga qarshi kurashishda esa menga halol jamoa kerak.
Prezidentimiz aytgan halollik vaksinasi nima? U, avvalo, ko‘ngilni tozalash, haromni nima ekanini anglab undan himoyalanishdir. Farzandlaringizga halol luqma yediring. Bu borada respublika madaniyat xodimlari barchaga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Adolat to‘nini kiyib, ma’rifat qilichini baland ko‘tarib madaniyat tizimini korrupsiyadan tozalaymiz!", dedi Madaniyat vaziri vazifasida ish boshlagan Ozodbek Nazarbekov.
LiveBarchasi